Samarqandda bojxonachilar 7,4 kg. zargarlik buyumlarini ushlab qolgani ma’lum qilindi
“Istambul-Samarqand” aviareysi bilan Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan bagaj yuklarini olib, ixtiyoriy ravishda “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganda xodim tomonidan to‘xtatilib, yo‘lovchining bagaj va qo‘l yuklari ko‘zdan kechiriladi.
Natijada mazkur shaxsning yonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha, qiymati 120,6 mln. so‘mlik zargarlik buyumlari borligi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yil boshidan bugungi kunga qadar qiymati 2 milliard 689 million so‘mlik, og‘irligi 7,4 kilogramm qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari ushlab qolingan, deya xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi.