Samarqandda “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” global tashabbusi amalga oshiriladi

Loyiha muvaffaqiyatli o‘tsa, yoshlar takliflari va muammolarini hal etish uchun moliyaviy ko‘mak ajratiladi

Global tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi – YuNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

U mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishga hizmat qiladi. Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va joylarda harakat dasturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yo‘naltirilgan tizimli yondashuvni qo‘llashdir.

- O‘zbekiston hukumati yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning boshqaruvdagi ishtirokini oshirish masalalarini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan, - deydi YuNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. - YuNISEFning "Bolalar va yoshlarga do‘stona shahar" global tashabbusi mahalliy darajada mavjud yoshlar dasturlariga tizimli yondashishga, samarali amalga oshirish va baholashga yordam beradi. Joriy "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da O‘zbekistonning ushbu tashabbusga qo‘shilayotganini kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Tashabbus doirasida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:

- yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish;

- qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

- yoshlar madaniyatini rivojlantirish;

- xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;

- sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish.

-YuNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, muhim qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirokini kengaytirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli, - deydi "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. - Bizning vazifamiz bu borada tizim yaratish, tadqiqotlar o‘tkazish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etishga qaratiladi. Tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirgan shaharlarga yoshlar takliflarini, muammolarini hal etish uchun qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratish ham ko‘zda tutilgan.

Qayd etish lozimki, “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” dastlab respublikamizning viloyatlaridagi 5 ta shahrida amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy ko‘mak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish bo‘yicha shahar hokimlari bilan hamkorlikda dasturlar ishlab chiqiladi.

Tashabbusni amalga oshirishda, shuningdek, Oliy Majlis Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari hamkorlik qiladi.

Ma’lumot uchun: “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” global tashabbusi YuNISEF tomonidan 1996 yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi rezolyusiyasi doirasida ilgari surilgan. Ushbu tashabbus bugungi kunda dunyo bo‘ylab 3 000 ta shaharni qamrab olgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.