Samarqandda bolani itlar hujumidan saqlab qolgan haydovchi taqdirlandi
Bugun Samarqand shahridagi "Yoshlar" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan avtoturargoh oldida ketayotgan bolaga itlar hamla qilgani va taksi haydovchisi uni qutqarib qolgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning 8 iyul kuni tasvirga tushib qolib, keyin tarqalgan holat Samarqand shahrining Nabiyev nomidagi ko‘chada sodir bo‘lgan va o‘sha kuniyoq bolaga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatilgan va ayni paytda uning holati yaxshi.
Bugun Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov hamda shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ismatjon Ibragimov bolaning hayotini saqlab qolgan taksi haydovchisi, 23 yoshli Firdavs Ahmedov va uning ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, Firdavs Ahmedovga esdalik sovg‘alari topshirildi, deya xabar bermoqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.
Shuningdek, IIB xabariga ko‘ra, bolaga tashlangan itlarning egasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi (it va mushuk boqish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.