Samarqandda “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” nishonlandi
Dunyoda ayrim sanalar bayram sifatida nishonlansa, ba’zilari qaysidir muammoga e’tibor qaratish uchun belgilanadi. Ana shunday sanalardan biri bugun, 12 iyun – “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlandi.
Sana munosabati bilan Samarqanddagi oromgohlarda bir qator tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Samarqand tumanidagi “Safedi” sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tgan tadbirda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov va viloyatdagi mas’ullar ishtirok etib, mamlakatimizda bolalar mehnatining muhofazalanganligi, yoshlarning bilim olishi va kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilganligi alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida bolalar o‘rtasida rasm chizish tanlovi, sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlaridan musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng 335 nafar bolajonni bag‘riga olgan “Safedi” oromgohida yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
- Bolalar yozni soz o‘tkazishi kerak, - deydi oromgoh direktori Nigora Jabborova. – Shu bois bu yilgi mavsumda bolalarning dam olishi uchun barcha sharoitlarni yaratdik. Jumladan, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, basseyn va konsert uchun sahna bolajonlar ixtiyorida. Ayni paytda oromgohda 200 nafar buxorolik, 72 nafar navoiylik va 63 nafar samarqandlik bolalar sog‘lomlashtirilmoqda. E’tiborlisi, bolalar uchun 23 nafar malakali tarbiyachi va yetakchilar jalb qilingan bo‘lib, ularning 5 nafari samarqandlik, 18 nafari esa Buxoro va Navoiy viloyatlaridan biriktirilgan tarbiyachilardir.