Samarqandda elektr tarmoqlaridagi ta’mirlash ishlarining ayrimlari faqat qog‘ozda bajarilgan, xolos

Tasdiqlangan dasturga asosan viloyatda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2635,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 750 ta transformator punktlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 18111,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 7140 ta transformator punktlarini joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimligiga 100 foiz bajarilganligi haqida hisobot berilgan. Ammo joyiga chiqib o‘rganilganda ayrim hududlarda umuman bajarilmaganligi aniqlangan.

Bu haqda 18 noyabr, dushanba kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tilgan.

Jumladan, Paxtachi tumani Amir Temur mahallasida, “Istiqlol” liniyasida joylashgan 408-transformator punktida 10 kVlik saqlagichlar o‘rniga sim o‘rnatilgan. Transformatordagi quvvati 0.4 kVlik elektr shitda 2 ta fedr ulangan bo‘lib, ularga 2 ta o‘rniga 1 ta kuchli elektr toklarini ulash va uzish uchun xizmat qiladigan moslama (rubilnik) o‘rnatilgan. “Rubilnik”dan chiquvchi kabellarga uchliklar o‘rnatilmagan va transformator punkti eshiklari qulflanmagan.

Urkach mahallasi “Marhabo” liniyasida joylashgan 55-transforator punktidagi 6 kVlik saqlagichlar o‘rniga ham sim o‘rnatilgan. Quvvati 0.4 kVlik shitga ulangan 3 ta fedrlar uchun alohida “rubilnik”lar o‘rnatilmagan. Saqlagichlar o‘rniga sim bog‘langan.

Past Darg‘om tumanida joylashgan 639, 635, 2542, 2829, 2310-transformator punktlarida quvvati 10 kVlik hamda 0.4 kVlik shitda saqlagichlar o‘rniga sim o‘rnatilgan. Chiqish kabellariga uchliklar o‘rnatilmagan, “0” tarmog‘ining simi konturga mustahkam bog‘lanmagan, o‘tish izolyatori tok o‘tkazish qismi germetik yopilmasdan, ustiga polietilen xalta o‘rab quyilgan.

Narpay tumanida joylashgan N-837 va N-87 transformator punktlarida quvvati 10 kVlik saqlagichlar o‘rniga sim o‘rnatilgan. Transformator punktlari tamirtalab ahvolda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, xuddi shunday kamchiliklarni Oqdaryo tumanidagi 4082- va 4991-sonli, Toyloq tumanidagi 488-sonli hamda Samarqand shahridagi 266-, 554- va 67-sonli transformator punktlarida ham uchratish mumkin.

Yig‘ilishda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbariga 1 hafta muddatda hududlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni ta’minlash vazifasi topshirilgan.

“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi rahbariga bajarilgan ishlarni o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha viloyat hokimligiga asosli ma’lumot kiritish belgilangan.