Samarqandda fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqliga aylantiriladi
2021 yilda Samarqand viloyatida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturi doirasida 1 ming 325 ta fermer xo‘jaligi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyatni boshlaydi va 1 ming 359 ta loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 2 ming 338 gektar maydonda intensiv bog‘, 2 ming 783 gektar maydonda yangi tokzor va 38,9 gektar maydonda issiqxonalar barpo etilishi, 15 ta meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlarini, 4 ta non va non mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, 28 ta fermer xo‘jaliklarida sovutkichli omborxonalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 132 fermer xo‘jaligida qoramolchilik va parrandachilik, 79 fermer xo‘jaligida baliqchilik va asalarichilik, 57 fermer xo‘jaligida qo‘ychilik va echkichilik, 207 fermer xo‘jaligida qulupnaychilik hamda 373 fermer xo‘jaligida servis xizmatlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mo‘ljallangan.
Akbar NORQO‘ZIYeV,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi viloyat bo‘limi raisi.