Samarqandda fuqaro “marixuana” giyohvandlik vositasini o‘z ixtiyori bilan IIBga topshirdi

Respublikamiz bo‘yicha keng qamrovli “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish oyligi” maxsus tezkor-profilaktik tadbirlari davom etmoqda.

Shunday tadbirlar davomida aholi bilan olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida, Samarqand shahar, Spitamen shoh ko‘chasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan X.J. bir litrlik sig‘imga ega bo‘lgan 3 shisha bankada “marixuana” giyohvandlik vositasiga o‘xshash o‘simlikning quritilganini o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlari xodimlariga topshirdi.

Ushbu daliliy ashyolar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limiga tekshirish uchun yuborilgan.

Samarqand viloyati IIB ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, mazkur o‘tkir hidli modda 191,67 gramm miqdordagi “marixuana” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan X.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 5-son IIB tezkor xodimlari tomonidan Samarqand shahri Spitamenshoh ko‘chasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan Sh.A.ning yashash manzilida o‘tkazilgan tintuv harakati mobaynida uyning yerto‘lasida “marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘tkir hidli quritilgan vosita, 3 dona shirinlik qutisida, 3 dona sellofan paketda, 1 dona yelim qopda, 1 dona qora rangli sumkada yashirincha saqlab kelinayotganligi aniqlangan.

Daliliy ashyolar belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limi tomonidan tekshirilganda, mazkur o‘tkir hidli vosita 2 kilogramm 419,37 gramm miqdordagi “marixuana” giyohvandlik moddasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Sh.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi, 270-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.