Samarqandda G‘afurjon Mahmudov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Samarqand davlat universitetida adabiyotshunos olim G‘afurjon Mahmudov xotirasiga bag‘ishlangan “Muallim va muharrirga ehtirom” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand ilmiy-adabiy muhiti jamoatchiligi, SamDU professor-o‘qituvchilari hamda G‘afurjon Mahmudovning oila a’zolari ishtirok etdi.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘z bilan ochdi. Shundan so‘ng, Tojikistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda videokonferensiya orqali konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
- Bugungi kunda uzoq va yaqin o‘tmishda alohida mavqega ega bo‘lgan taniqli ijodkorlar, ilm-fan namoyandalarining hayoti, ijodi, ilmiy-adabiy merosi mazmun mohiyatini chuqur o‘rganish, ular haqidagi ibratli ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlod vakillari orasida targ‘ib va tashviq etish, shu orqali yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda, - dedi R.Xolmurodov, - Prezidentimiz ta’kidlaganidek, buyuk alloma va adiblarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosini o‘rganish, yengilmas sarkarda va arboblarimiz jasorati bilan bog‘liq voqealarni yoshlar ongiga singdirish ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini kuchaytirishi ayni haqiqat.
G‘afurjon Mahmudov Samarqand davlat universitetidan yetishib chiqqan adabiyotshunos olim, publitsist va muharrir. U jadid adabiyotida o‘zbek va tojik madaniy aloqalari, ikki xalq adabiyotida ma’rifatparvarlik g‘oyalari mavzularida ilmiy tadqiqot olib borgan, ma’naviyat va ma’rifatning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan. Samarqand filologlar maktabi rivojiga, xalqlar do‘stligi va adabiy rishtalar takomiliga ulkan hissa qo‘shgan ushbu yetuk adabiyotshunos olim ilmiy merosini keng o‘rganish, asarlarida ilgari surilgan ilmiy qarashlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etish oldimizda turgan muhim vazifa.
Konferensiya davomida SamDU professor-o‘qituvchilari G‘afurjon Mahmudovning ilmiy-pedagogik va jurnalistik faoliyatiga batafsil to‘xtaldilar.
Mazkur konferensiya adabiyotshunos olim G‘afurjon Mahmudov xotirasini abadiylashtirish, olim ilmiy merosini yosh avlodga yetkazish va ustoz yodiga ehtirom ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
SamDU axborot xizmati,
Shavkat Akramov (surat).