Samarqandda GES quriladi
2019 yil 2 aprelda Vazirlar Mahkamasining «Samarqand viloyatidagi «Darg‘om kanalida Shaudar kichik GES qurilishi, Darg‘om kanalining 135+50 piketida kichik GES qurilishi» investitsiyaviy loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchil ko‘paytirish, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini yanada ko‘proq qondirishni ta’minlashga qaratilgan qarorda qiymati 30,63 million AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu ikki loyihani 2019-2021 yillar davrida amalga oshirish lozimligi belgilandi.
Kichik GESlar qurilishi uchun Xitoy Xalq Respublikasining «Eksimbank»idan «Turonbank» ATB orqali 20 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davrga yillik 2,2 foiz stavkasi bilan 24,8 million AQSh dollari hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining 5,8 million AQSh dollari sarflanadi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, investitsiyaviy loyihani amalga oshirish doirasida chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellar, materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, instrumentlar, texnologik hujjatlar, istisno tariqasida, majburiy sertifikatlashtirish tartibotlaridan ozod etildi.