Samarqandda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi
2020 yil 5 avgust kuni Samarqand viloyati DXX, IIB va bojxona boshqarmalari xodimlari tomonidan Urgut tumanida yashovchi Yo.Sh. boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashina Past Darg‘om tumani hududida to‘xtatildi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda “bardachok” ost qismidan sellofan paketga o‘ralgan 146.58 gramm og‘irlikdagi “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng Yo.Sh.ning yashash manzilida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida 1 kilogramm 156 gramm «opiy», 1 kilogramm 490 gramm «marixuanna» narkotik moddasi, 600 millilitr «opiy» giyohvandlik vositasining suyuqligi va 36 ming AQSh dollari, 5 ming Rossiya rubli, 29 million so‘m miqdoridagi pullar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan hozirda Yo.Sh. va uning jinoiy sherigi A.R.ga nisbatan DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.