"Samarqandda har bir g‘isht, har bir naqsh tarixdan so‘zlaydi"

Har bir inson uchun tug‘ilib o‘sgan yurti, ayniqsa, bolalik xotiralari bilan bog‘liq maskan alohida qadrlidir. Mening yuragimga yaqin, aziz shahrim bu – Samarqand. U nafaqat mening shahrim, balki dunyo sayyohlari e’tiborini tortgan, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan bebaho maskandir.
Samarqandni ko‘rgan har bir sayyoh hayratlanish bilan bu yurt haqida iliq fikrlar bildiradi.
Samarqand bu tarixning tirik guvohi. Qadimiy Afrosiyob xarobalari, Registon majmuasi, Ulug‘bek madrasasi, Shohi Zinda ziyoratgohi, Bibixonim masjidi va boshqa ko‘plab tarixiy obidalar ming yillar davomida saqlanib kelmoqda. Aynan shu obidalar ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
Fransiyalik sayyoh Mari-Ann bu haqida shunday degan edi:
“Men ko‘plab tarixiy shaharlarda bo‘lganman, lekin Samarqanddek betakror shaharni ko‘rmaganman. Bu yerda har bir g‘isht, har bir naqsh tarixdan so‘zlaydi.”
Bu kabi taassurotlar bilan yurtiga qaytayotgan sayyohlar talaygina. Ular Samarqandni O‘zbekistonning yuragi deb atashadi. Ayniqsa, Registon maydoni sayyohlar uchun eng mashhur diqqatga sazovor joylardan biri. U o‘zining me’moriy tuzilishi, gumbazlari va bezaklari bilan ko‘zni qamashtiradi.
Keyingi yillarda Samarqand jadal rivojlanmoqda. 2022 yilda ShHT sammiti munosabati bilan barpo etilgan “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi bu rivojlanishning yorqin namunasi bo‘ldi. Xalqaro darajadagi mehmonxonalar, xiyobonlar, kafe va restoranlar, Kongress markazi — bularning barchasi sayyohlar uchun qulayliklar yaratmoqda.
Koreyalik turist Pak Ji Sung Samarqand haqidagi fikrida shunday degan:
“Samarqandda tarixiy obidalarni ko‘rib, o‘zimni go‘yoki ming yillar orqasiga qaytgandek his qildim. Ammo mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish sifati va transport qulayligi bu shaharni zamonaviy qilishini unutmaydi.”
Shaharda yangi aeroportning ochilishi, turistik marshrutlarning ko‘payishi, tarjimon gidlar xizmati va elektron axborot texnologiyalarining joriy etilishi Samarqandni sayyohlar uchun yanada jozibador qilmoqda.
Luiza Muzaffarova,
Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti.