Samarqandda hashar boshlandi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishiga ko‘ra, mamlakatimizda umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston mahallalalar uyushmasi viloyat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 16-18 mart kunlari davom etadigan “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostidagi hasharda 1 millionga yaqin samarqandlik, jumladan, 400 mingga yaqin yoshlar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirning birinchi kunida 1000 gektardan ortiq yer maydoni obodonlashtiriladi, 177 tonnadan ortiq maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanadi, 226 ta qabriston, 322 ta ziyoratgoh tartibga keltiriladi, shuningdek, 343 kilometr ariq va zovurlar, 6300 ga yaqin ko‘chalar tozalanadi.
Hashar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, aholiga bepul ko‘chat tarqatish ko‘zda tutilgan. Alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga 906 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
— Bizda hashar ishlari erta tongdan boshlandi, - deydi Samarqand shahridagi Chashma mahallasi raisi Ikrom Hasanov. – Nuroniylar ko‘chalarni obodonlashtirish ishlariga bosh bo‘lgan bo‘lsa, yoshlar bilan qabristonni tartibga keltirdik. Daraxtlarga shakl berib, ariqlarni tozaladik. Uch kun davom etadigan hasharda barcha mahalladoshlarimizni jalb qilishni rejalashtirganmiz.
Umumxalq xayriya hashari doirasida “Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” shiori ostida aksiya ham o‘tkalmoqda. Unga ko‘ra, hasharning birinchi kunida viloyatning barcha turar-joy mavzelari va mahallalarida iqlim sharoitiga mos 288 ming tupga yaqin mevali va 32 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Ko‘cha bo‘ylari, xiyobonlarda 31 ming tup gul ko‘chatlari o‘tqaziladi.