Samarqandda ilk marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi

Akademik Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari samarqandlik shifokorlar bilan birgalikda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi.

Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi yurtimizda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilar edi.

Qariyb uch soat davom etgan Samarqanddagi ilk buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bulung‘urlik 31 yoshli O.Xo‘jaqulov ancha yillardan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rib kelar edi. Bugun unga ukasi M.Xo‘jaqulov bir buyragini berdi. Eng muhimi, har ikkovining ham ahvoli yaxshi va ular tibbiy standartlar asosida shifokorlar nazoratida.

Operatsiya stoliga yotqiziladigan yana bir bemor 19 yoshli Shohsanam Shonazarovadir. U bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan kurashib keladi. Hatto, ahvoli og‘irlashib borganligi bois 2010 yilda unda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, chap buyragi olib tashlangan. Salkam bir yildan buyon Shohsanam muntazam ravishda gemodializ muolajasini olishga majbur bo‘lgan. Hozirda Shohsanamning onasi Sh.Salomova barcha tekshiruvlardan o‘tkazilib, tahlillar natijasida uning sog‘lom ekanligi qayd etilgani bois qiziga donorlik qilyapti.

Keyingi bemor Sherzod Boliyev. Hozirda Sherzod ham jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ishtixon tumanida yashovchi 19 yoshli bemor yarim yildan buyon gemodializ apparatiga “bog‘lanib” yashayotgan edi. Sh.Boliyevga onasi S.Xudoyorova bir buyragini berishga qaror qilgan.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.