Tailandda aholi iPhone 14 evaziga buyraklarini sotgani haqda tarqalgan xabarlar yolg‘on bo‘lib chiqdi
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat dunyo ahli e’tiborini tortdi. Unda iPhone 14 ushlab olgan va tanasida jarrohlik amaliyoti alomati ko‘rinib turgan uch nafar tailandlik shaxs aks etgan.
Tasvirdan go‘yo yoshlar smartfon sotib olish uchun buyraklarini sotishgan, degan taassurot olinadi. Xabar shiddat bilan barcha ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgach, insonparvarlik tashkilotlari aholini bu ishdan qaytarishga kirishdi. Ammo keyinroq xabarlar feyk bo‘lib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, surat hazil tariqasida ishlangan. Tailanddagi insonparvarlik tashkiloti organ donorlik markazi boshqaruvchi direktori Sofon Mekton ushbu suratni tanqid qilib, tana qismlarini qimmatbaho gadjetga ega bo‘lish uchun sotmaslikka chaqirdi. Mekton foydalanuvchilarni kuldirishi kerak bo‘lgan ushbu memni nomaqbul va axloqsiz deb ta’kidlagan. Odamlarni iPhone 14 uchun hatto hazil tariqasida ham buyrak sotishga undash mutlaqo noo‘rin, organlar savdosi qanday maqsadlarda bo‘lishidan qat’i nazar, qat’iy taqiqlangan, degan u.
Boshqa internet kuzatuvchilari esa surat sahnalashtirilgani, u Laosdagi V’yetnam go‘zallik klinikasida suratga olinganini aytishgan. Laosda buni hazil sifatida qabul qilishgan bo‘lsa, Taylandda suratga ommaviy xavf soluvchi ta’sir, zamonaviy gadjetga ega bo‘lish istagidagilar uchun qo‘llanma sifatida qarashgan.