Samarqandda iqtidorli yoshlar viloyat hokimligining “Oltin zaxirasi”ga kiritilgan, bugun ularning taklif va muammolari tinglandi

Viloyatda o‘tgan yili hokimlik tashabbusi bilan o‘ziga xos tashabbus ilgari surilgandi: “Samarqand kelajak javohirlari” klubi tashkil etilib, oliygohlar bilan hamkorlikda qiziqishiga qarab 331 nafar bilimli va iqtidorli bitiruvchilar jalb etilgan. Shundan so‘ng ular hokimlik “Oltin zaxirasi”ga olingan.
Hozirgi vaqtda bu yoshlar viloyat, shahar va tumanlarda turli tashkilotlarda samarali ishlamoqda. Bu yil ham mazkur amaliyot davom ettirilib, klubga viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan 517 nafar iqtidorli va bilimli yoshlar jalb qilindi. Endi ularni ham ishga joylashtirish, samarali mehnatiga qarab munosiblarini bosqichma-bosqich lavozimlarga ko‘tarib borish tizimli ravishda davom ettiriladi.
Bugungi uchrashuvda Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va mutasaddilar ular bilan suhbatlashib, taklif va muammolarini eshitdi.
Suhbat davomida mazkur yoshlarning faoliyatiga doimiy ko‘maklashish, mavjud muammolarining yechimi muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammo va takliflarini bildirdi. Xususan, Samarqand shahridagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Murod Qo‘shayev “Yosh ijodkorlar” maktabi ochishda amaliy yordam so‘radi. Uning bu taklifiga F.Toshev maqsad va qilinadigan ishlar aniq bo‘lsa, yosh, iqtidorli ijodkorlar doim qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.