Samarqandda irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun 330,6 milliard so‘m ajratiladi
Keyingi uch yilda Samarqand viloyatida 219 kilometr kanal, 44,4 kilometr lotok tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, 4 ta sug‘orish qudug‘i, 3 ta gidrotexnik inshoot qurilib, 17 tasi rekonstruksiya qilinadi. Suv chiqarish quvvati 0,4 metr kub soniya bo‘lgan nasos stansiyasi qurilib, “Oqchobsoy” suv omborida 9,3 kilometr hajmdagi o‘zi oqar suv quvurlari qurilishi natijasida 1400 gektar maydon o‘zlashtiriladi. 2023 yilda umumiy suv yig‘ish hajmi 21,4 million metr kub bo‘lgan Urgut tumanida “Choshtepa”, “G‘ijduvon” va Qo‘shrabot tumanida “Oqtepasoy” suv omborini qurish ishlari boshlanadi.
Avval xabar berganimizdek, bu haqda viloyat Matbuot uyida Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rajabov ishtirokida “Viloyatda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2021-2023 yillarda irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
"Choshtepasoy" suv omborining kurilishi natijasida 550 gektar, "G‘ijduvon” suv ombori hisobiga 1965 gektar va "Oqtepasoy" suv ombori hisobiga 970 gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanadi.
- Buning uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 330 milliard 657 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan, - deydi F.Rajabov. - Melioratsiya tadbirlari doirasida jami 34 ta, shundan 17 ta qurilish va 17 ta ob’yektda rekonstruksiya tadbirlarini amalga oshirish hamda ushbu tadbirlar uchun 40 milliard 750 million so‘m mablag‘ ajratiladi. Melioratsiya tadbirlari natijasida 90,4 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari, 5 ta gidrotexnik inshoot qurilib, 1 ta quvurli o‘tish joyi, 3 ta ko‘prik, 6 ta gidrotexnik inshoot, 300 ta nazorat qudug‘i va 1 ta gidropost rekonstruksiya qilinadi. Natijada viloyat bo‘yicha jami 1965 gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtiriladi. 68 ming 616 gektar yer maydonlarining suv ta’minoti va qariyb 46 ming 400 gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanadi.