Samarqandda “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi
Samarqand shahrining Kimyogarlar shaharchasida “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi. Umumiy maydoni 2,5 gektar bo‘lgan sobiq kollej binosi qayta rekonstruksiya qilinib, markazga aylantirildi.
Markaz quvvati 1650 o‘rinli: unda o‘quv xonalari, faollar zali va 60 o‘rinli ayollar yotoqxonasi mavjud.
- “Ishga marhamat” monomarkazi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan 10,5 milliard so‘m evaziga xalqaro andozalar asosida qayta rekonstruksiya qilindi, - dedi markaz ochilishida ishtirok etgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov. – Samarqand viloyati yoshlari o‘qib, kasb-hunar egallashi uchun tayyor holatga keltirildi. Markaz jahon standartlari talabidan kelib chiqqan holda jihozlandi. Bundan tashqari, Jahon banki tomonidan markazning moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish uchun 200 ming AQSh dollari miqdorida rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan, zamonaviy jihozlar keltirib o‘rnatildi, yana jihozlar kelishi davom etmoqda.
Monomarkazda ishsizlar 19 ta kasb: 8 ta xizmat ko‘rsatish, 6 ta texnik, 3 ta qishloq xo‘jaligi va 2 ta raqamli texnologiya sohasidagi kasblar, bundan tashqari 3 ta xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi. Kasblarning murakkablik darajasi asosida ishlab chiqiladigan o‘quv dasturlariga muvofiq o‘quvchilar 2 oydan 6 oygacha o‘qitiladi.
Monomarkaz bitiruvchilariga egallagan kasbiga binoan mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirigan sertifikat beriladi. Bundan tashqari, WorldSkills standartlari asosida baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi.
- Bu yerda sartaroshlik kasbini o‘rganyapman, - dedi pastdarg‘omlik Gulhayo Elmurodova. - Shu paytgacha uy bekasi edim. Markazda kasblar bepul o‘rgatilar ekan. Biron sartaroshga shogird tushsam, albatta bu hunarni bepul o‘rgatmaydi. Shu tomoni menga juda ma’qul bo‘ldi.
- Avtoservis xizmat kursida o‘qiyapman, - dedi jomboylik Shahzod Hakimov. – Markaz ochilishi haqida ommaviy axborot vositalari orqali eshitib qoldim. Darslar boshlanganiga 2 kun bo‘ldi, ancha narsani o‘rgandim.
Markazga nafaqat Samarqand shahri aholisi, balki Bulung‘ur, Jomboy, Past Darg‘om kabi yaqin tuman yoshlari ham kelib o‘qimoqda. Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”dagi kam ta’minlangan aholi qatlami uchun kasb-hunar o‘rganayotganlarga stipendiya beriladi.
Monomarkazda ishsiz fuqarolar murojaati bo‘yicha ularni ishga joylashtirish, kasbga o‘qitish, migratsiya xizmati, malakani baholash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.
Xurshida Ernazarova.