“Ishga marhamat” monomarkazi: aholi bandligini ta’minlashda qanday natijalarga erishyapti?
Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida har yili 2600 nafardan ortiq qiziquvchilar kasb sirlarini o‘rganyapti. Markazda uzoqdan kelib o‘qiydigan tinglovchilar uchun 72 o‘rinli yotoqxona bor.
- 2021 yilda faoliyat boshlagan markazda shu kungacha 26 yo‘nalish bo‘yicha 5 mingga yaqin mutaxassis tayyorlandi, - deydi markaz direktori Dilshod Pardayev. - Bitiruvchilarning 400 nafardan ortig‘i ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turadi, 210 nafar nogironligi bor shaxslar kasb-hunarga o‘qitildi. Shu kungacha markazda kasb-hunar o‘rganganlarning 4200 nafarga yaqini o‘zini o‘zi band qilgan yoki biror faoliyat turi bilan shug‘ullanyapti. Bitiruvchilarning 60 nafari o‘z tadbirkorligini tashkil etgan.
Izlanganga imkoniyat yetarli
Payariqlik Nilufar Namozovaning kasbi hamshiralik. Ammo oilaviy sharoiti uni o‘z kasbida ishlashiga imkon bermadi. Yana bir mutaxassislikni puxta o‘rganish uchun ro‘zg‘or yumushlari, qolaversa, uch-to‘rt yil vaqt sarflash imkonsiz. Nilufar tuman bandlikka ko‘maklashish markazidan Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga yo‘llanma olguncha ana shunday qarama-qarshi fikrlar iskanjasida edi.
- Eng muhimi, harakat qilish va bor imkoniyatlardan unumli foydalanishda ekan, - deydi Nilufar Namozova. - Ayollar sartaroshligidan biroz xabardor edim. Ammo bugun zamon tezkor, har bir kasb singari ushbu yo‘nalishda ham yangiliklar, turli uslublar paydo bo‘lyapti. Bu yerda nafaqat hunar o‘rgandim, kunning ikkinchi yarmida markazda tashkil etilgan bepul til kurslariga ham qatnashdim. Qisqa vaqtda rus tilini boshlang‘ich darajada o‘rgandim.
Ijtimoiy daftarda turganligi sabab Nilufarga mahalla xotin-qizlar faoli hamda hokim yordamchisi ko‘magi bilan 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shuning evaziga u Chelak shaharchasida ayollar sartaroshxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
- Avvaliga o‘zim ishladim, - deydi N.Namozova. – Mijozlar soni ortib boravergach, ikkita qizni yordamchi qilib oldim. Ular ham ishsiz hamqishloqlarim, shu ishdan daromad ko‘ryapti. Mijozlarning ishimizga qiziqishi oshgan. Bunda markazda o‘rgangan kasb sirlarining o‘rni katta bo‘ldi. Ochig‘i, men oddiygina deb o‘ylagan sartaroshlikda bunchalik ko‘p yangiliklar, uslublar borligini monomarkazda o‘qish davomida bildim.
Zamonaviy kasblarda mutaxassislarga ehtiyoj katta
Hozirgi kunda markazda 26 turdagi, jumladan, issiqxona ishchisi, oshpaz, qandolatchi, payvandlovchi, sartarosh, yuk ko‘tarish kranlari mutaxassisi, kattalar va bolalar uchun uqalovchi, tikuvchi, elektromontyor, avtoservis xizmat ko‘rsatish ishchisi, santexnik, payvandlovchi kabi kasblar o‘rgatiladi. Shuningdek, 6 ta xorijiy til, tadbirkorlik ko‘nikmalari, kompyuter dizayn dasturlari bo‘yicha 2-4 oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan.
- Markazda tinglovchilar dushanbadan jumagacha o‘qiydi, - deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ismatulla Mardiyev. – Dars mashg‘ulotlari ikki smenada tashkil etilgan. Asosiy darslar kunning yarmigacha, til o‘rganish, tadbirkorlik ko‘nikmalari kabi qo‘shimcha darslar kunning ikkinchi yarmida o‘tiladi. Markaz bitiruvchilariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Bundan tashqari, WorldSkills talablari asosida baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ishlash huquqini beruvchi Skills pasporti beriladi.
Shuningdek, markazda mehmonxona xizmati, keytering xizmati uchun ham shart-sharoit yaratilgan. Hozirda quyosh panellari o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash borasida loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Monomarkazda o‘quv mashg‘ulotlari WorldSkills standartlariga asosan 30 foiz nazariy hamda 70 foiz amaliy tarzda o‘zlashtiriladi. Shu maqsadda viloyatdagi mavjud 150 dan ortiq ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va markaz bitiruvchilari ushbu korxonalarda ishga joylashmoqda. O‘quv kursi uchun o‘quv soatlari hamda o‘quv fanlarini taqsimlashda ishlab chiqarish korxonalari, hududiy mehnat bozori talab va imkoniyatlari hamda tegishli soha mutaxassislari fikrlari inobatga olinadi. Qolaversa, monomarkazda yakuniy malaka imtihonlari ish beruvchi korxona va tashkilot mutaxassislari ishtirokida amalga oshiriladi. Bu esa o‘qishni tamomlayotgan tinglovchilarning ishga joylashishi uchun munosib yechim bo‘ladi. Shuningdek, ayrim chet el korxonalari bilan hamkorlikda mutaxassislar jalb etilib, o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Yaxshi mutaxassis bo‘lishning o‘zi yetarli emas
Ushbu markazda kasb o‘rganayotgan fuqarolarning ko‘pchiligi chet mamlakatlarda ishlashni maqsad qilgani sir emas. Albatta, biror mamlakatda ishlash uchun eng avval kerakli mutaxassislikni puxta egallash zarur. Ammo bugun ko‘p uchrayotgan va dilni xira qilayotgan holat borki, buni yashirgan bilan hal bo‘lib qoladigan masala emas. Ya’ni, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qaysidir mamlakatda ishlash maqsadida borib, aldanib qolyapti. Oqibatda huquqi va erkinligidan mahrum bo‘lib, turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu o‘zi borgan davlat tili va qonunchiligini bilmasligi oqibatida yuzaga kelyapti.
- Shu kabi muammolarning oldini olish uchun markazimizda kasb o‘rganayotgan fuqarolarga qo‘shimcha chet tilini o‘rgatish kurslari tashkil etilgan, - deydi markazning xorijiy tillar bo‘limi boshlig‘i B.Suvonqulov. - Yapon, rus, ingliz, koreys, nemis va arab tillari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Qisqa muddatli kurslarda tinglovchilar ikki yo‘nalishda tahsil oladi. Xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimiz uchun alohida til kurslari bor. Unda chet tilini boshlang‘ich darajadan o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bugungacha monomarkaz muhandis-ustalarining 24 nafari WorldSkills sertifikatini olib, ekspert maqomiga ega bo‘ldi. Hamkor korxonalarda qo‘shma dastur asosida korxonaning o‘zida kurslar tashkil qilindi. Joriy yil xorijiy tillar o‘qitish bo‘limida 240 nafar o‘quvchi o‘qitildi. Qariyalarni parvarishlash va qishloq xo‘jaligi ishchisi yo‘nalishlari bo‘yicha 42 nafar fuqaro o‘qishni bitirgan bo‘lsa, ulardan 9 nafari N4 til bilish sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan
O‘quv mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish uchun xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shu kunlarda sohada yuqori tajribaga ega bo‘lgan koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda mahorat darslari tashkil etilyapti.
- Jahon bankining aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash loyihasi doirasida markazga xorijlik mutaxassislar jalb qilinyapti, - deydi markazning hamkorlik va xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassisi J.Ahmedov. - Xususan, Turkiyadan oshpazlik, qandolatchilik, issiqxona texnologiyasi, kosmetolog, elektrik, maishiy uy-ro‘zg‘or elektrotexnik buyumlarini tuzatish ustasi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha 10 nafar malakali mutaxassis jalb qilinib, amaliy dars jarayonlari tashkil etildi. Yaqinda Janubiy Koreyaning Keimyung universiteti vakillari markazda bo‘lib, Koreya davlatida bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish maqsadida talab mavjud bo‘lgan kasblarda koreys tilini chuqur o‘rgatish masalalari muhokama qilindi. Sohada yuqori tajribaga ega bo‘lgan koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda bir necha marta mahorat darslari tashkil etildi. Mutaxassislar tibbiyotda birinchi yordam, oshpazlik hamda sartaroshlik kasblari bo‘yicha mahorat darslarini o‘tdi. Keimyung universitetining 5 nafar professor-o‘qituvchi va 30 nafar talabasi tajriba almashdi. Shuningdek, kunchiqar yurtda qariyalar parvarishi hamda mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlariga ishchilarni jalb qilish maqsadida Yaponiyaning «Vasileus» kompaniyasi bilan markazda yapon tili kursi faoliyatini kengaytirish maqsadida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Chet elda ishlashning qonuniy yo‘llari bor
Monomarkazda mavjud 6 turdagi davlat xizmatlaridan biri hisoblangan migratsiyaga ko‘niktirish xizmatidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar doimiy foydalanib kelyapti. Bunda monomarkazda kasb yo‘nalishida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida migratsiya ko‘nikmalari shakllantiriladi. Buning uchun maxsus jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot xonasi mavjud. Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘qitilayotgan va xorijda ishlashni rejalashtirgan fuqarolarga qo‘shimcha ma’lumotlar va imkoniyatlar to‘g‘risida xabar berish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand filiali vakillari ishtirokida o‘quv-seminarlar, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, suhbatlar va turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu fuqarolarga xorijda ishlashning qonuniy yo‘llarini o‘rganishda imkoniyat yaratyapti. Hozirda mehnat migratsiyasi tomonidan turli davlatlardan ish beruvchilar jalb qilinmoqda va kasb-hunarga o‘qitilgan, xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega fuqarolarni monomarkaz bilan hamkorlikda topish va yo‘naltirishga erishilmoqda. Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Litva, Latviya, Yaponiya davlatlari bilan hamkorlikda mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risida doimiy ma’lumotlar berib borilyapti.
Monomarkazda «monomarket» faoliyat yuritadi
O‘quv jarayoni bilan bog‘lagan holda markazda turli xil pulli xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir binoning o‘zida o‘ndan ortiq xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Xususan, go‘zallik saloni, kosmetolog, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikalarni tuzatish, chilangarlik, elektrik, avtoservis, kompyuterlarni ta’mirlash hamda bolalar massaji, davolovchi massaj kabi xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyat yurityapti. E’tiborlisi, ayrim xizmatlar joyiga borgan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, markazda turli xil mahsulotlarni buyurtma asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Monomarketga buyurtmalar berish orqali stol-stul, oziq-ovqat mahsulotlari, sport va uy kiyimlari, pardalarni xarid qilish mumkin.
Yo‘llanma asosida bepul o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiriting
Hozirda monomarkazda 800 nafar fuqaro kasb-hunar o‘rganyapti. Ularning 500 nafari tuman bandlikka ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida bepul o‘qitilmoqda.
Sulaymon ASOMIDDINOV.