Uch yil emas, uch oyda: monomarkazda xorijliklar kasb-hunar o‘rgatmoqda

O‘tgan 2021 yil may oyida Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi viloyatimizdagi ishsiz, xususan, ehtiyojmand fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat faoliyatiga jalb etishga xizmat qilyapti.

Bir necha yillar avval yoshlarimizning aksariyati maktabda 9-sinfni bitirib, o‘qishni kasb-hunar kollejlarida davom ettirishga majbur edi. Ko‘pincha o‘quvchilar bu muassasalarda na ko‘ngildagidek ta’lim oldi va na kasb-hunar o‘rgandi. Natijada aholi orasida ishsizlar safi kengayib bordi. Monomarkaz esa o‘sha kollejlarda uch yil o‘qib, diplomli bo‘lib, ammo bugun ishsiz yurgan fuqarolarga va boshqa xohlovchilarga uch oy davomida kasb-hunar, shu bilan birga, tadbirkorlik  sirlarini o‘rgatyapti.

- Kollejni bitirganimdan beri ishsiz edim, - deydi markaz tinglovchisi Dilshoda Tosheva. – Bu yerda o‘qishni boshlaganimga 2 oydan ko‘proq vaqt bo‘ldi. Uch oy davomida bemalol uch hunarni o‘rgansak bo‘lar ekan. Oshpazlik, kompyuter savodxonligi to‘garaklariga qatnashyapman. Asosiysi, ayollar sartaroshligini qunt bilan o‘rgandim. Ustozlar maslahati bilan go‘zallik saloni ochishga ham erishdim. Ahamiyatlisi, monomarkazda xorijlik mutaxassislar ham bizga dars beryapti.

Turkiyalik mutaxasassislarning mahorat darslari

Mamlakatimiz Prezidentining “Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Jahon bankining “Aholini ijtimoiy muxofaza qilish tizimini mustahkamlash” loyihasi doirasida markazga turli kasblar bo‘yicha Turkiya davlatidan mutaxassislar jalb qilindi. Ular tomonidan tinglovchilar uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

- 33 yildan beri kosmetologiya sohasi bilan shug‘ullanaman, - deydi turkiyalik mutaxassis Nuray O‘ssut. – 22 yildan beri kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida mashg‘ulot o‘tib kelaman. Yaqinda, 17 sentyabr kuni O‘zbekistonga keldim. Shu paytgacha Navoiy viloyatida bo‘ldim. Bugungi kunda Samarqanddagi monomarkazda tinglovchilarga mahorat darslari o‘tyapman.  

Mashg‘ulotlarning 70 foizi amaliy

Bu yerda o‘quv mashg‘ulotlarining  30 foizi nazariy, 70 foizi amaliy tarzda olib boriladi.  Markaz ishlab chiqarish, qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat olib borayotgan 178 ta mahalliy va 9 ta xorijiy korxonalar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatgan.

- Shu paytga qadar markazimizni 2280 nafar tinglovchi bitirdi, - deydi monomarkaz direktori Dilshod Pardayev. – Ularning 2 ming nafardan ziyodi ishli bo‘ldi. Qolganlarning ham bandligi ta’minlanish jarayonida. Tinglovchilarimiz aksariyat hollarda amaliyotni korxonalarda o‘tayapti. Keyingi paytlarda kasb-hunar o‘rganayotgan bo‘lajak mutaxassislar,  hali ular markazni tamomlamasdan turib, korxonalarga ishga taklif etilyapti. Bunda Turkiyadan kelib, mashg‘ulotlar o‘tayotgan ustozlarning ham hissasi katta. Markazda 20 dan ziyod turdagi kasb-hunar o‘rgatilayotgan bo‘lsa, hozircha mehmonxona xizmati, ofitsiant batler, oshpazlik, qandolatchilik, kosmetologiya, chilangarlik, elektromontyorlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha turkiyalik mutaxassislar dars o‘tyapti. Ular tomonidan nazariy darslar markazda, amaliy mashg‘ulotlar esa tinglovchilarni korxonalarga olib borgan holda amalga oshirilmoqda. Kelgusida boshqa yo‘nalishlardagi xorijlik mutaxassislar ham markazimizga jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Markazda bir yilda 2020 tinglovchi kasb-hunar o‘rganish imkoniyati mavjud. Uzoq tumanlardan kelib o‘qiyotganlar uchun 100 o‘rinli yotoqxona xizmat ko‘rsatmoqda.

Xozirda markazda jami 700 nafar tinglovchi kasb-hunar o‘rganyapti. Ularning 16 nafari “Ayollar daftari”da, 5 nafari “Yoshlar daftari”da, 3 nafari esa “Temir daftar”da turadi. Shuningdek, 29 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir.

- Aravachada yuraman, - deydi Past darg‘omlik tinglovchi Shahzod Sobirov. – Bu yerda nogironlar uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Binoga kirib-chiqish uchun panduslar mavjud. Yuqori qavatlarga chiqib-tushishga esa liftlar ishlab turibdi. Markazda kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qiyapman, shuningdek, chet tili to‘garagiga ham qatnashaman.

Monomarkaz bitiruvchilariga egallagan kasbi bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat topshiriladi. Bundan tashqari “WorldSkills” xalqaro notijorat tashkiloti talablari asosida baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ishlash huquqini beruvchi “Skills” pasporti beriladi. 

Bundan tashqari, ishsiz fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ularni ishga joylashtirish, migratsiya xizmati, ya’ni xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga chet tillarni o‘rgatish kabi  xizmatlar ham ko‘rsatib boriladi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.