Koreyalik mutaxassislar “Ishga marhamat” monomarkazida
Samarqand shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida o‘quv mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish uchun xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shu kunlarda sohada yuqori tajribaga ega bo‘lgan koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda mahorat darslari tashkil etilyapti.
Ya’ni, Koreya Respublikasi Keimyung universitetining 5 nafar professor-o‘qituvchi va 30 nafar talabasi markazda bo‘lib turibdi.
- Markazda yaratilgan sharoitlar xalqaro talablar darajasida, - deydi professor Leye Sang Koo. – Xususan, o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalarda tashkil etilayotgan amaliy mashg‘ulotlar bizda yaxshi taassurot qoldirdi. Maqsadimiz aholi bandligini ta’minlashda o‘z tajribamizni baham ko‘rish.
Markazda koreyalik mutaxassislar tibbiyotda birinchi yordam, oshpazlik hamda sartaroshlik kasblari bo‘yicha mahorat darslari o‘tyapti.
Qiziquvchilar ushbu mahorat darslarini “Ishga marhamat” monomarkazining @MONOMARKAZSAMARQAND elektron manzili orqali kuzatib borishlari mumkin.
Sulaymon Mardiyev.