“Ishga marhamat” monomarkazida o‘qiganlar xorijiy davlatlarda ham ishlashi mumkin

Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi joriy yilning 5 may kuni foydalanishga topshirilgan edi. Bugungi kunda markazda 236 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan “Ishga marhamat” monomarkaziga uyushtirilgan press-turda jurnalist va blogerlar markaz faoliyati va o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Jahon standartlari talablariga javob beradigan zamonaviy markazning yillik quvvati 1650 o‘rinli. Unda uzoq tumanlardan kelib o‘qiydigan tinglovchilar uchun 60 o‘rinli yotoqxona mavjud.

Hozirgi kunda markazda 20 turdagi, jumladan, issiqxona ishchisi, oshpaz, qandolatchilik, payvandlovchi, sartarosh, yuk ko‘tarish kranlari mutaxassisi, uqalovchi (kattalar va bolalar uchun), tikuvchilik, haydovchilik, elektromontyor, avtoservis xizmat ko‘rsatish ishchisi, santexnik, payvandlovchi kabi ishchi kasblar o‘rgatiladi. Shuningdek, 3 ta xorijiy til, tadbirkorlik ko‘nikmalari, kompyuter dizayn dasturlari bo‘yicha 2-4 oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan.

- “Ishga marhamat” monomarkazi rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilgan holda tashkil etildi, - dedi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Kasb-hunar maktablari Janubiy Koreyada 1960 yilda ochilgan bo‘lsa, Turkiyada 1986 yilda faoliyat boshlagan. Amerikada uy xo‘jaligi, yog‘och va metall ustachiligi kabi kasblar o‘rta maktablardan o‘rgatilgan. Hatto Yaponiyada “Ustoz-shogird” an’anasi bor ekan. Jahon tajribasidan kelib chiqib, ushbu monomarkazni tashkil etdik. Markaz avval ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitadi, so‘ngra ish bilan ta’minlaydi. Fuqarolarga yakka tartibdagi tadbirkorlik qilish uchun subsidiyalar ajratishda yordam beramiz. Maqsad, ishsiz fuqarolarni kasbli qilish, kambag‘allikdan chiqarish.

Markazda o‘qish istagidagilar tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat etadi. Bu yerda ko‘proq ayollar, yoshlar, "Temir daftar"dagi fuqarolar kasb o‘rganmoqda.

- Uch nafar farzandim bor, yoshim qirqda, mahallada “Ayollar daftari”da turaman, - dedi oshpazlik kursi o‘quvchisi Rohila Qobilova. – Narpay tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida istiqomat qilaman. Markazda oshpazlik sirlarini, turli salatlar, shirinliklar, taomlar tayyorlashni o‘rgandim. Bu yerda hamma sharoitlar yetarli, o‘quvchilarga stipendiya beriladi. Kursni tugatsam, subsidiya asosida mahallamizdan tamaddixona ochmoqchiman va boquvchisini yo‘qotgan, muhtoj ayollarni ishga olishni rejalashtirayapman.

- Kompyuter dizayn dasturlari kursida o‘qiyapman, - dedi nurobodlik Shahzod Ochilov. – Qisqa muddatda kompyuterda 4-5 xil dasturlarda ishlashni o‘rgandim. Masalan, eskirib, ayrim joylari o‘chib ketgan suratlarni kompyuterda tiklay olaman.

Markaz o‘quvchilari haftaning dushanba kunidan juma kunigacha o‘qitiladi. Asosiy darslar kunning yarmigacha, til o‘rganish, tadbirkorlik ko‘nikmalari kabi qo‘shimcha darslar kunning ikkinchi yarmida o‘quvchilarning istagiga qarab o‘tiladi. Monomarkaz bitiruvchilariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Bundan tashqari, WorldSkills talablari asosida baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ishlash huquqini beruvchi Skills pasporti beriladi.

Yuqorida sanab o‘tilganlaridan tashqari markazda haydovchilik, mehmonxona xizmati, keytering (dasturxon tuzash) xizmati uchun ham shart-sharoitlar yaratilgan. Yaqin kunlarda ushbu yo‘nalishlarda ham talabgorlarni o‘qitish boshlanadi. Shuningdek, markaz hovlisida gidroponika usulida issiqxona qurilyapti. Yaqinda bunday markazlar ishsiz fuqarolar sonini kamaytirib, aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Xurshida Ernazarova.