Kattaqo‘rg‘on shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi

Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi mazkur markazda fuqarolarni 30 ta kasb va chet tillarga o‘qitish orqali  mutaxassislar tayyorlanadi.

Shahar  va tuman hokimlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok  etgan tantanali tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umrzoqov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va boshqalar "Bunday markazlarni tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz nafaqat ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitib, sertifikat berish, balki ularni mehnat bozorida raqobatbardosh kasbni o‘zlashtirgan, yuqori malakali mutaxassis sifatida yetishib chiqishdir, dedi.

Ushbu zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish markazini qurilish bunyodkorlik ishlariga 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Bu yerda Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod tumanlarining ishsiz fuqarolari kasb-hunarga o‘qitiladi.

Monomarkazda ishsiz fuqarolar 16 ta xizmat ko‘rsatish, 8 ta texnik, 4 ta qishloq xo‘jaligi va 2 ta raqamli texnologiya  yo‘nalishi, shuningdek 4 ta xorijiy tillar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi.

Markaz bir vaqtning o‘zida 500 nafar o‘quvchini qamrab oladi. Yillik quvvati 2000 nafar o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, kasblarning murakkablik darajasi asosida ishlab chiqiladigan o‘quv dasturlariga muvofiq o‘qitish davri 2 oydan 6 oygacha bo‘ladi.

Bitiruvchilarga egallagan bilimlari uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirigan sertifikat beriladi.

Ushbu markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi viloyatdagi ishsiz aholining bandligini ta’minlashga, kelgusida hayotda o‘z o‘rnilarini topishlariga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.