Samarqandda ishlab chiqarilgan mahsulotlar an’anaviy bozorlar o‘rniga yuqori qiymatli GSP+ imkoniyatlaridan foydalangan holda Yevropa davlatlariga sotiladi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi sessiyasida viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Hamroyev ma’lum qildi.

Aytilishicha, joriy yil yakuni bilan viloyatda 850 mln. AQSh dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish topshirig‘i turibdi. Bu ko‘rsatkichga chiqish uchun, eksportga 100 ta yangi korxonalar jalb etiladi, an’anaviy bozorlar o‘rniga Yevropaning yuqori qiymatli Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga GSP+ imkoniyatlaridan keng foydalangan holda eksport hajmlari oshiriladi, xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda eksportchi korxonalar ishtiroki ta’minlanadi, eksportyor korxonalardagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etib boriladi.

Joriy yilning boshidan bugungi kunga qadar 15 ta korxonaning muammolari hal qilinishida amaliy yordamlar ko‘rsatilgan. Misol uchun, “VINTRADITION” MChJ xorijiy korxonasi uchun xorijdan keltirilgan “Distillyatsionnaya ustanovka DK-2 780” uskunasi tezlashtirilgan tartibda sertifikatlashtirib berildi. Joriy yilning 17 fevral holatiga 84 mln. AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilingan.