Samarqandda ixtisoslashgan tibbiyot markazi filiali tashkil etiladi
“Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021–2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish reja-jadvali tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, yangi tashkil qilinayotgan filiallar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot muassasalarining negizida, ularning amaldagi shtat birliklari va ajratilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, yuridik maqomga ega bo‘lmagan asosda tashkil qilinadi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari U.Sobirov va respublika ixtisoslashtirilgan markazlar rahbarlari mazkur filiallarda:
📌 kasalliklarni joylarda barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, mahorat darslarini o‘tkazishga;
📌 diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, teletibbiyotni joriy etish va rivojlantirishga;
📌 kasalliklar registrini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ular faoliyatiga oid boshqa masalalarni (tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan ta’minlash, malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish) hal qilishga shaxsan mas’ul hisoblanadi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.