Samarqandda jamoat transporti muammolari qachon hal bo‘ladi?
- Samarqandga va’da qilingan elektrobuslar qachon yetib keladi?
- Yo‘lovchilar elektrobuslarga itlar... bilan ham minishyaptimi?
- “A” maxsus yo‘laklardan nega foydalanilmayapti?
Viloyat transport boshqarmasi tomonidan Samarqand shahrida tashkil etilgan press-turda shu kabi savollarga javob berildi.
Boshqarmaning transport sho‘’basi bosh mutaxassisi Behruz Ergashevga ko‘ra, bugungi kunda 6 ta elektrobus va 95 ta siqilgan gaz bilan harakatlanuvchi avtobuslarda kuzatuv kameralari va GPS lar o‘rnatilgan. Biroq ularning aksariyati hozircha Dispetcherlik markaziga ulanmagan. Bir oy ichida ularning barchasi markaz bilan to‘liq integratsiya qilinadi.
Yangi tashkil etilgan Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Ravshan Tojiyev vakilining ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan buyon 2600 ta yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining noqonuniy hatti-harakatlarini aniqlab, dalolatnomalar tuzilgan. Ularning 1800 tasi belgilangan yo‘nalishdan tashqariga chiqib harakatlangani aniqlangan. Viloyatda 30 dan ortiq noqonuniy bekatlar borligi aniqlangan. Ayni paytda hujjatsiz yo‘lovchi tashigan transport vositalarini to‘xtatib, ularni rasmiylashtirib, qonuniy daromad topishga yo‘naltirilmoqda.
Aytilishicha, xorijdan keltirilgan elektrobuslarda itlar uchun ham maxsus joy qilingan. Albatta tumshuqboni bo‘lsa. ATTO yoki plastik kartochkalaridan kuniga 200-250 nafar yo‘lovchi elektron to‘lov qilishmoqda.
Shahrimizning ayrim ko‘chalarida jamoat transporti uchun maxsus “A” yo‘laklaridan ajratilgan bo‘lsa-da, lekin har doim ham avtobuslarning harakatlanayotganini ko‘rmaymiz. 2024 yil boshidan Samarqandga yana 94 ta elektrobuslar olib kelinishi haqida va’da berilgandi. Biroq...
- Darhaqiqat, o‘tgan yili shahar bosh rejasiga ko‘ra, 10 ko‘chada maxsus “A” yo‘laklari o‘rnatish ko‘zda tutilgan edi, -deydi viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi, Samarqand shahar loyihasi rahbari Otabek Rahimov. – Hozircha, Bo‘stonsaroy va Ibn Sino ko‘chalarida maxsus yo‘laklar tayyorlangan, ammo, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yo‘l belgilari o‘rnatilmagani uchun undan foydalanmayapmiz. Joriy yilning 15 apreligacha Xitoy davlatidan keltirilishi aytilgan 94 ta elektrobuslarning 30 tasi kelib, yo‘nalishlarga qo‘yiladi. Ungacha alohida yo‘laklar muammosi ham hal bo‘ladi degan umiddamiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV.