Samarqandda koronavirusga shubha bo‘lganlarni yotqizish uchun shifoxonalarda 95 ta o‘rin tashkil etildi
Kasallikning chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida viloyatdagi ikkita sanitariya nazorat punktlari ishini ko‘chaytirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi xalqaro aeroport va Urgut tumanidagi “Jartepa” sanitariya-nazorat punktlaridan o‘tgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Bu sanitariya-nazorat punktlarida kechayu-kunduz ish tashkil etilgan. Xavfli yuqumli kasalliklarga gumon qilinganda 2 tadan namunalar olish jamlanmasi, shaxsiy profilaktika uchun dori-darmonlar zaxirasi, 9 ta maxsus himoya kiyimlari jamlanmasi, yo‘lovchilarning tana haroratini o‘lchash uchun kontaktsiz termometrlar bilan ta’minlandi va aeroport sanitariya-nazorat punkti distansion teplovizor bilan jihozlangan.
Hozirgi kunga qadar viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan joylarda seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, yaqinda Samarqand xalqaro aeroporti va Urgut tumanidagi “Jartepa” nazorat-o‘tkazish punktlari xodimlari o‘rtasida, viloyat davolash profilaktika muassasalari, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari bosh vrachlari ishtirokida “Viloyatda gripp, o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha 2019-2020 yillar mavsumi davomida aholi o‘rtasida epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda koronavirus infeksiyasining chetdan kirib kelishining oldini olish to‘g‘risida” seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Zaxira o‘rinlar tashkil etildi
Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda infeksiyaning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarni muvofiqlashtirish masalasida tegishli huquqiy asoslar bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida hamda har bir shaxar, tuman tibbiyot birlashmalarida jami 18 ta shtablar tashkil etildi. Bemorlar aniqlanganda tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Samarqand shahrida 3 ta, shaxar va tumanlarda 1 tadan, jami 18 ta maxsus tez tibbiy yordam ko‘rsatish brigadalari tashkil etildi. Bemorlarni yotqizib davolash uchun viloyatda 95 ta, jumladan, respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida 5 ta, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 5 ta, viloyat Perinatal markazida 5 ta, shahar va tumanlarda 5 tadan, jami 80 ta zaxira o‘rinlari ajratildi. Bugungi kunda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasida gripp va o‘tkir respirator virus infeksiyalari (O‘RVI)ning diagnostikasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 4 turdagi gripp va 7 turdagi O‘RVIni aniqlash imkoni mavjud.
Oldini olish
Nafaqat koronavirus, balki gripp va O‘RVIning oldini olish uchun quyidagilarni tavsiya etamiz:
* Qo‘llarni sovunlab yuvish yoki spirtli asosdagi antiseptiklar bilan artishni;
* Tana harorati ko‘tarilganda, gripp va O‘RVI bilan og‘riganda uchastka tibbiy xodimiga albatta, murojaat qilish hamda kasallikni boshqalarga yuqtirmaslik uchun niqob taqishni;
* Yo‘talganda, aksirganda og‘zini dastrumol bilan yopishni;
* Xonalarni tez-tez shamollatish va dezinfeksiyalovchi moddalarni qo‘shib namli tozalashni o‘tkazishni;
* Jamoat transportlarini smenaga chiqishdan oldin va tugagach, dezinfeksiya qilishni;
* Gripp va O‘RVI bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarni 14 kun tibbiy kuzatuvga olish.
O‘ktam G‘ANIYeV,
viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi shtab boshlig‘i.