Samarqandda koronavirusni 20 daqiqa ichida aniqlash imkonini beruvchi ekspress testlar mavjud

Samarqanddagi yagona virusologiya laboratoriyasi so‘nggi yillarda poytaxtga bormay, shu yerda amalga oshirish mumkin bo‘lgan o‘nlab tahlillarni o‘tkazmoqda. Ayni kunlarda bu yerda koronavirusni 20 daqiqa ichida aniqlash imkonini beradigan ekspress testlar mavjud. Muhimi, ushbu testlarning narxi ham arzon: 80 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha.

Aholi orasida SES qisqartmasi bilan mashhur bo‘lgan tashkilot o‘tgan davr mobaynida bir necha marta o‘zgardi. DSENMdan keyin SEOM, undan alohida nazorat inspeksiyasi ajralib chiqdi. Ammo haliyam aholi orasida SES bilan ataluvchi tashkilot bugun Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi, deb nomlanadi. Ya’ni, sanitariya-osoyishtalik markazi va nazorat inspeksiyasi birlashtirildi. Ayni kunlarda mazkur tuzilma tegishli huquqiy asosga ko‘ra, o‘z shaklini tartibga solishi barobarida ishini mukammalroq tashkil etish masalalari bilan ham shug‘ullanmoqda. Nomi o‘zgarsa-da, ammo asosiy ishi sanitariya ishlarini olib borish, tahlillarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yuqumli kasalliklar oshib ketishi xavfining oldini olish kabi dolzarb yumushlar hamon ushbu tashkilot gardanida. Xo‘sh, bu borada keyingi yillarda tashkilotda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?

Boshqarma tomonidan viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan press-turda shu haqda batafsil ma’lumot berildi.

- Bugungi kunda boshqarmada tashkil etilgan virusologiya laboratoriyasida yuzlab tahlillarni amalga oshirish mumkin, - deydi  Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi boshlig‘i Adham Bahromov. – Bu yil mazkur tashkilot juda murakkab bir vaziyatda, pandemiya davrida ishlab, u bilan kurashda bor imkonini sarfladi. Virus tarqalishi sabab, boshqarmaga tegishli laboratoriyada qo‘shimga uskunalar keltirildi. Qolaversa, Samarqand shahrida yana uchta hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida ham laboratoriya tashkil etildi.

Shuningdek, boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida ham olib borilayotgan ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Shu yil davomida 37 turdagi yuqumli kasalliklardan 11 turi yoki 29,7 foizi qayd etilmadi. Shuningdek, 24 tur, ya’ni 64 foiz yuqumli kasalliklar - dizenteriya, suvchechak, virusli gepatit va boshqalarining kamayishiga erishildi.

Tegishli chora-tadbirlar rejasiga asosan viloyat SEO markazi hamda shahar va tumanda zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 12 ta shahar va tumanlarda emdorilarni saqlash omborxonalari ishga tushirildi.

Anjuman davomida jurnalistlar virusologiya laboratoriyalaridagi zamonaviy uskunalar, shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Gulruh MO‘MINOVA.