Samarqandda kuniga 8,8 ming tonna paxta terib olinyapti

Ayni kunlarda viloyatimiz paxta dalalarida terim ishlari qizg‘in davom etmoqda.

215,5 ming tonna paxta xirmoni ko‘tarishni maqsad qilgan paxtakorlar kuniga dalalardan 8 ming 800 tonnadan ortiq "oq oltin" terishmoqda. Bu shartnomada belgilangan mavjud paxta rejasining 4,11 foizi deganidir.

Terim ishlarida nurobodlik va narpaylik paxtakorlar yetakchilik qilmoqda. Kunlik terimda esa salkam 2 ming tonna paxta terayotgan pastdarg‘omliklarga tenglashadiganlar yo‘q hisobi.

Viloyatimiz dalalaridan bugungi kungacha 40,5 ming tonnadan ortiq paxta terib olindi.

Darvoqi, Ishtixon, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida mashina terimi ham avj pallada. Ushbu tuman dalalaridan zamonaviy paxta terish mashinalarida 484 tonna xom ashyo terib olindi.

Ma’lumot o‘rnida: bugungacha respublikamiz paxta xirmoni 1,5 million tonnadan oshdi. Respublika bo‘yicha paxta tayyorlash mavsumida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari yetakchi.