Samarqandda mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishning 91,7 foizi viloyatning 3 ta tumaniga to‘g‘ri keladi, qolgan hududlarda bu boradagi ishlar qoniqarsiz

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 11 mart kuni sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ichki imkoniyatlarni ishga solish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokamada ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
2021 yil mahalliylashtirish dasturi doirasida viloyatda 47 ta loyiha bo‘yicha 857 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, prognoz 2,0 barobarga, ya’ni 417 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilgan. Biroq, 2 ta loyiha bo‘yicha haligacha ishlab chiqarish boshlanmagan. Viloyat hokimi bu loyihalar 2022 yilgi dasturga ham qo‘shilganini ma’lum qilib, tuman hokimlari ularni tezroq ishga tushirish chorasini ko‘rishlari zarurligini ta’kidladi.
Mahalliylashtirish loyihalarining amalga oshirilishi tahlil qilinganda, Bulung‘ur, Oqdaryo, Payariq va Toyloq tumanlarida bu borada birorta loyiha amalga oshirilmagani qayd etildi. Mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishning 91,7 foizi viloyatning 3 ta hududiga (Samarqand shahrida 71,8 foiz, Nurobod tumanida 10,3 va Urgutda 9,6 foiz) to‘g‘ri kelgan. Qolgan hududlarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida viloyatimizda 577,4 milliard so‘mlik 64 ta loyiha bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihalarning 37 tasi ishlab chiqarishni kengaytirish va 27 tasi import o‘rnini bosadigan, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Bu borada, Oqdaryo tumanida mahalliylashtirish loyihasi rejalashtirilmagan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Narpay, Paxtachi, Toyloq va Qo‘shrabot tumanlarida bittadan loyiha rejalashtirilgan, xolos.
Muhokama davomida viloyat hokimi barcha hokimlar, sektor rahbarlari sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni chuqurlashtirish milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishni yagona va asosiy yo‘li ekanligini tushungan holda haftaning dushanba va seshanba kunlari bu masalalar bilan shaxsan shug‘ullanishlari zarurligini qayd etdi. Shuningdek, ushbu masala har oyda bir marta viloyat hokimi rahbarligida tanqidiy muhokama etilishi belgilandi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati.