Samarqandda ma’muriy sud ishlarini yuritishga bag‘ishlangan trening o‘tkazilmoqda

Joriy yilning 26-28 dekabr kunlari Samarqand shahrida sudyalar va davlat boshqaruvi organlarining xodimlari uchun ma’muriy sud ishlarini yuritishning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan trening bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi ma’muriy sud sudyalari, hokimliklar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Treningning asosiy maqsadi: ma’muriy sud ishlarini yuritishda ma’muriy qonunchilikning mazmun-mohiyati, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqish, ishtirokchilarning nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruv organlari xodimlari hamda sudlar va sudyalarning o‘zaro aloqalarida huquqiy ko‘nikmalarini takomillashtirish.

Uch kun mobaynida o‘tkaziladigan mazkur trening O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning tajribasiga asoslangan holda nazariy va amaliy bilimlarni hayotiy vaziyatlarda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Xususan, ma’muriy sud ishlarini yuritish, uning bosqichlari va shakllari, ma’muriy ishlarni ko‘rishda qonun osti hujjatlar hamda ma’muriy aktlar tushunchasi va turlari haqida keng ma’lumot berildi.

Ishtirokchilarda Germaniya va Rossiya davlatlari ma’muriy sudlaridagi inson huquqlarini samarali himoya qilishni tashkillashtirish hamda ma’muriy ishlarni ko‘rish prinsiplarini qo‘llash amaliyoti haqidagi ma’lumot katta qiziqish uyg‘otdi.

Qatnashchilar sud amaliyotida mavjud muammolar bo‘yicha o‘zaro fikr almashish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi. Ko‘rilgan xalqaro tajriba asosida O‘zbekistonni 2021 yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ma’muriy huquqchilikni isloh qilish masalalari ham keng muhokama qilindi.

Trening mashg‘ulotlarini ma’muriy sud sudyalari Jahongir Jo‘rayev va Jo‘rabek Ne’matov hamda xorijlik ekspertlar – Voronej davlat universitetining yuridik fakulteti dekani Yuriy Starilov, Novosibirsk shahridan huqushunos olim Konstantin Davidov olib bormoqda.