Samarqandda mast holda mashina boshqargan haydovchidan 6 million so‘mdan ko‘proq undirildi

Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituvida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 4 iyundagi ijro hujjatiga asosan qarzdor M.A.dan davlat foydasiga 6 million 125 ming so‘m ma’muriy jarima undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan.

Xo‘sh, bu hujjat MIB shahar bo‘limiga qanday kelib qoldi?

Huquqbuzar M.A. 2021 yil 20 may kuni taxminan 21:30 soatlarda o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinasida Samarqand shahrining Shohi Zinda ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotganida Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu haydovchi “Yo‘l harakati koidalari”ning 12-bandi talablarini buzib transport vositasini alkogolli ichimlik iste’mol qilgan mast holatda boshqarib kelgan. Unga nisbatan voqea joyida ma’muriy bayonnoma tuzilgan va tegishli tartibda sudga yuborilgan.

Qarzdor ijro hujjati bo‘yicha jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lash yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor M.A. tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan 6 mln. 125 ming so‘m jarima pullari to‘liq to‘lab berilgan. Mazkur ijro hujjati “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasiga asosan amalda undirilib tamomlandi.

Eslatib o‘tamiz, transport vositalarini mast holda boshqarish transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilish va katta miqdordagi jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ilhom Nasriyev,

MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi.