Samarqandda mayning ferma 1,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qildi

Avvalroq, Ishtixon tumanida 28,8 milliard so‘mlik elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanilgani haqida xabar berilgandi.

O‘shanda korxona binosining yon qismidagi yerto‘lada joylashgan 89 ta mayning qurilmasi elektr hisoblagichdan tashqari tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan bo‘lgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, kripto-aktivlar ishlab chiqarishda noqonuniy mayning faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan energiya resurslarini talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Xususan, Ishtixon tumani “Qaraquyli” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “M.G.M” oilaviy korxonasi rahbari X.Yo. korxonaga qarashli binoning yer to‘lasida mayning qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 1,8 mlrd so‘mlik 2 mln. kVt.soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Mazkur holat yuzasidan X.Yo.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.