Samarqandda nechta korxonaning soliqdan qarzi bor?
Soliqlarning o‘z vaqtida to‘lanishi byudjet barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shilgan hissa bo‘ladi. Lekin ushbu burchga e’tiborsizlik bilan qaraydigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham bor. Bugungi kunda Samarqand viloyatida nechta korxonaning byudjet oldidagi soliq qarzi mavjud?
– Ayni paytgacha viloyat bo‘yicha 16 113 korxonaning 100 milliard 614 million 400 ming so‘m soliq qarzi mavjud, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Soliq qarzini undirishni tashkil qilish bo‘limi davlat soliq bosh inspektori Mirali Mamaziyayev. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 13 135 ta korxonaning 64 milliard 181 million 500 ming so‘mlik soliq qarzini undirish joriy yilning 31 dekabrigacha to‘xtatilganini ta’kidlash joiz. Bugungi kungacha 3 478 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektning 15 milliard 859 million 200 ming so‘mlik qarzi undirildi.
Qarzdorlikni uzishga harakat qilayotgan korxonalar ham yo‘q emas. Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Omad start” mas’uliyati cheklangan jamiyatining byudjet oldidagi qarzi 353 million 184 ming 524 so‘mga yetgan edi. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida korxonaning soliq qarzdorligi to‘liq undirildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.