Samarqandda “Obod mahalla” dasturi doirasidagi ishlarga qariyb 50 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining kecha bo‘lib o‘tgan oltmiy yettinchi sessiyasida aytib o‘tilgan.

Qayd etilganidek, “Obod mahalla” dasturi doirasida Samarqand shahrining Chilquduq, Navro‘z, Yoshlik va Kattaqo‘rg‘on shahrining Kattaqo‘rg‘on, Go‘zalkent, G‘arib Machit mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirilmoqda.

Sessiya ishida dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham axborot berilgan. Xususan, dasturga muvofiq 3 kilometr masofada piyodalar yo‘laklari yangidan barpo etildi va 400 dan ortiq yakka tartibdagi hamda 6 ta ko‘p qavatli uy-joylarning fasad, tom, muhandislik tarmoqlari ta’mirdan chiqarilib, hududlari obodonlashtirilgan.

12,8 kilometr masofada ichimlik suv tarmoqlari va 2 dona suv inshootlari quriliib, 15 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.

35 kilometr elektr tarmoqlarini tortish va ta’mirlash, 25 dona transformator punktlari qurish hamda ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, 8 kilometr tabiiy gaz tarmoqlarini qurilib, ta’mirlangan.

Mavjud 37 kilometr masofadagi avtomobil yo‘llari ta’mirlangan.

Bundan tashqari, 6 ta avtobus bekatlari qurilgan.

Tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan 5 ta savdo majmualari, 14 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, 11 ta kichik turdagi ishlab chiqarish ob’yektlari qurib, foydalanishga topshirilishi natijasida 10 turdan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, 70 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Dastur doirasida jami 49,7 milliard so‘m, xususan, respublika byudjeti mablag‘laridan 19,8 milliard so‘m, mahalliy byudjet mablag‘laridan 14,9 milliard so‘m, tarmoq korxonalari mablag‘laridan 2,1 milliard so‘m, tashabbuskor tadbirkorlar va aholi mablag‘laridan 7,1 milliard so‘m, tijorat banklari kredit mablag‘laridan 5,8 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish amalga oshirilmoqda.