Samarqandda Oliy Majlis senatorlari va deputatlari Davlat dastur ijrosini ko‘rib chiqdilar. Natija qanday?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining ijtimoiy sohani rivojlantirishga doir belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan targ‘ibot-taqdimot seminari o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari, huquqni muhofaza qilish organlari, viloyat tashkilotlari va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirni Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova olib bordi.

- Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinganiga bir oy bo‘ldi, - dedi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev. - Mazkur farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida achinarli holatlarga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni, hududlardagi mahalliy kengashlar deputatlari, korxona va tashkilotlar rahbarlarining aksariyati ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarni to‘liq bilmaydi.

Axir deputat o‘z hududlarida aholi bandligi va real daromadlarini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, ular uchun zamonaviy, qulay va arzon uy-joylar qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim muassasalari faoliyatini jonlantirish borasidagi islohotlardan bexabar bo‘lsa, u qanday qilib odamlarning, saylovchilarining ishonchini qozonadi? Bunday vaziyatda Harakatlar strategiyasi loyihasi hamda shu asosda ishlab chiqilgan yil dasturi bajarilishini so‘rashning o‘zi noo‘rin emasmi?

Tadbirda qator idora va boshqarmalar mutasaddilarining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan taqdimot-ma’ruzalari tinglandi.

A.SHERXOLOV.