Samarqandda o‘qituvchilar onlayn malaka oshiryapti

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida joriy yilda 8850 nafar pedagog-xodimlarning malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, xalq ta’limi pedagog xodimlarining o‘z kasbiy mahoratlarini uzluksiz oshirib borish maqsadida onlayn tarzda masofadan malaka oshirish yo‘lga qo‘yildi. Ta’lim tizimining favqulodda boshqa bir shaklga o‘tishi, butun dunyoda bo‘lgani kabi respublikamiz ta’lim tizimini ham yangi sharoitlarga moslashishga majbur qildi. Shuni inobatga olib, Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 9 iyundagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha joriy etilgan karantin davrida xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida malaka oshirish kurslarini onlayn va offlayn shaklda tashkil etish to‘g‘risida”gi 142-sonli buyrug‘i asosida masofadan malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

- Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari bilan hamkorlikda tinglovchilar kurslarga so‘rovnomalar asosida qabul qilindi, - deydi viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori A’lamjon Ibragimov. - Onlayn darslar belgilangan vaqt asosida, Zoom platformasida olib borilmoqda. Ushbu platforma tinglovchilarga bir vaqtning o‘zida onlayn konferensiya, seminar va mahorat darslarida ishtirok etish imkoniyatini yaratdi.

Bugungi kunda malaka oshirish rejasida nazarda tutilgan barcha toifadagi o‘qituvchilar uchun onlayn malaka oshirish kurslari davom etmoqda. Yakuniy attestatsiya sinovlari ham masofadan onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Xurshida ERNAZAROVA.