Samarqandda o‘qituvchilarga muddati o‘tgan biletlar sotilganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda muddati o‘tgan biletlar o‘qituvchilarga majburiy sotilayotgan ekan” hamda “Yana majburiy bilet masalasi. Bu safar bog‘cha mudiralariga 15 ming so‘mdan sotilmoqda”, deb nomlangan murojaat yuzasidan Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi munosabat bildirdi.

Aytilishicha, Madaniyat vazirligi hamda Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Tojikiston Respublikasi Sadriddin Ayniy nomidagi davlat akademik opera va balet teatri tomonidan Samarqandga gastrol safarini uyushtirish maqsadida xat yuborilgan.

Shunga asosan viloyat hokimligining qo‘shni mamlakat teatr jamoasining Samarqandga tashrifi yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Rejaga muvofiq viloyatdagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari Tojikiston teatri tomonidan viloyat musiqali drama teatrida namoyish etilayotgan spektakllarga ixtiyoriylik asosida tashrif buyurmoqda.

Teatr tomoshalariga kirish uchun eski biletlar tarqatilganligi bo‘yicha Tojikiston Respublikasi Sadriddin Ayniy nomidagi davlat akademik opera va balet teatri direktorining birinchi o‘rinbosari S.Nurullayevdan izoh so‘ralganda, mazkur biletlar Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tekshirilgan bo‘lib, qonuniyligi ta’minlanganligi va 2018 yilda chiqarilgan biletlar 2019 yilda ham foydalanish mumkinligini bildirdi.