Samarqandda qachon noqonuniy qurilishlarga barham beriladi? Qachon sohada korrupsiyaning oldi olinadi?
Bu savollarga Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasida boshqarma, tuman va shahardagi hududiy bo‘limlari rahbar va mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda javob berildi.
Afsuski, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan ayrim hollarda korrupsiya bilan bog‘liq holat uchrab turibdi. Xususan, 20 yanvar kuni Urgut tumani hokimligining qurilish ishlariga mas’ul xodimlarining korrupsion holatga yo‘l qo‘yganligi bu borada yanada jiddiy choralarni ko‘rish lozimligini ko‘rsatib turibdi.
– Mamlakatimizda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi bosh boshqarma boshlig‘i Laziz Hamidov. - Biroq tizimda korrupsion holatlar mavjud. Sohadagi korrupsiya holatini bartaraf etish maqsadida aniq belgilangan tartibda ishlashimiz, har bir xodimning xatti-harakatiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Yig‘ilishda shahar va tumanlardagi noqonuniy qurilish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, amaldagi qonunchilik va qurilish normalariga rioya qilmasdan noqonuniy qurilishlar amalga oshirilayotganligi tanqid qilindi. Tegishli hujjatlarsiz qurilish ishlarini olib borayotgan qurilish ob’yektlarida ishlarni to‘xtatish vazifasi topshirildi. Bu borada har bir tuman va shahar qurilish bo‘limlari qisqa muddatda o‘rganish olib borib, nonuniy qurilish qilayotganlarning ro‘yxatini shakllantirib, bu borada bosh boshqarmaga ma’lumot taqdim etiladigan bo‘ldi.
– Jizzaxdagi qurilish bilan bog‘liq holat barchamizga “maktab” bo‘lishi kerak, - dedi L.Hamidov. – Hozirdan noqonuniy qurilishlarga chek qo‘ymasak, ertaga ko‘ngilsiz holat bizda bo‘lmaydi, deyish noo‘rin. Shu sababli bugundan bunga jiddiy e’tibor qaratib, noqonuniy qurilayotgan ob’yektlardagi qurilish ishlarini to‘xtatish shart.
Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.