Samarqandda qarzni to‘lagan korxonaga oid ish tugatildi. Lekin u 3 million 552 ming 882,28 so‘m davlat boji to‘laydi
Viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, «OSUDA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 177 million 644 ming 114 so‘m asosiy qarz hamda 88 million 822 ming 57 so‘m penyani undirishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan va sud majlisi muhokamasida aniqlanishicha, viloyat hokimining 2018 yil 13 iyundagi qarori hamda 2018 yil 27 sentyabrdagi farmoyishi bilan, hokimlik huzuridagi yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyasining yig‘ilish bayoniga asosan «OSUDA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tekstil fabrikasini qurish uchun yer maydoni ajratish belgilangan.
Ishtixon tumani hokimining 2018 yil 17 maydagi qaroriga muvofiq, «OSUDA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Ishtixon tumani M.Jo‘rayev massivi hududidan 48 balli 3 gektar sug‘orib haydaladigan yer maydoni ajratilib, qishloq xo‘jaligi nobudgarchiligining o‘rnini qoplash uchun 177 million 644 ming 114 so‘mni viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining maxsus hisob-raqamiga to‘lash yuklatilgan.
Da’vogar - viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan javobgar «OSUDA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2020 yil 10 yanvarda talabnoma yuborib, tekstil fabrikasini qurish uchun ajratilgan yer maydonining qishloq xo‘jaligi nobudgarchiligining o‘rnini qoplash uchun hisoblangan mablag‘ni to‘lab berishni so‘ragan bo‘lsa-da, talabnoma javobgar tomonidan ijrosiz qoldirilgan.
Biroq sudga da’vo arizasi kiritilgandan keyin javobgar asosiy qarzni to‘lab bergan. Shu sababli da’vogar sudga ariza bilan murojaat qilib, da’vo talabining 88 million 822 ming 57 so‘m penya undirish qismidan voz kechishini ma’lum qilgan.
Sud majlisi muhokamasida ishtirok etgan javobgar vakili qo‘shimcha hujjatlar taqdim etib, bugungi kun holatida barcha asosiy qarzdorliklar to‘lab berilganligini, da’vogar vakili tomonidan taqdim etilgan da’vo talabining penya qismidan voz kechish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirib berishni so‘radi.
Da’vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa iqtisodiy protsessual kodeksga asosan sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Shu bois sud da’vo talabining 88 million 822 ming 57 so‘m penya undirish qismi bo‘yicha ish yuritish tugatilsa-da, javobgar «OSUDA TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan Respublika byudjeti va sud hokimiyatini rivojlantirish jamg‘armasiga 3 million 552 ming 882,28 so‘m davlat bojini undirish belgilandi.
Shuningdek, javobgardan viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi foydasiga ixtiyoriy to‘langan 17 ming 840 so‘m pochta xarajati undiriladigan bo‘ldi.
N.TURSUNOVA,
iqtisodiy ishlar bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi sudyasi.