Samarqandda qotillikda ayblangan ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida ko‘rib chiqilgan navbatdagi ish, aslida Samarqand shahrida yuz bergan voqelik ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘yishi shubhasiz.

Negaki, avvalo jabrlanuvchi ham, ayblanuvchi ham to‘laqonli turmush tarziga ega bo‘lmagan. Aslida turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan bu ikki ayol Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida ijarada bir oila bo‘lib yashab kelgan.

Qayd qilish o‘rinliki, ishning ochilishida – qasddan o‘ldirilgan bolakayning qotilini topishda guvohning ko‘rsatmalari muhim ahamiyat kasb etgan.

O‘sha kuni ham u odatdagidek ishlarini bitirib, “Juma-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kirakashlik qilayotgan “Gazel” rusumli avtomashinaga chiqadi. Shu vaqtida yana bir ayol voyaga yetmagan qiz va taxminan 4-5 yoshlarda bo‘lgan o‘g‘il bola bilan chiqqan. Samarqand shahridagi “Temir yo‘l” dehqon bozorida 20 yilga yaqin meva va sut mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanib kelgan ayol ushbu yo‘lovchini darrov taniydi. “Axir bu bozor ichida bo‘sh baklajka va qog‘ozlar yig‘ib, gohida tilanchilik qiladigan, doim mana shu qiz bilan birga yuradigan ayolku”.

“Gazel” yurgan vaqtda tanish ayol bilan birga chiqqan bolalar nimagadir talashib qoladi. O‘g‘il bola faqat ovoz chiqarganligi uchun uning gapirolmasligini ayon bo‘lgandi. Ikkalasi ham dakki eshitgach, uchovlon Past Darg‘om tumanida Darg‘om kanaliga yaqinlashganlarida ayolning talabi bilan tushib qolishadi.

Bu vaqtda esa “Gazel”da noma’lum tomonga ketayotgan bolakayni onasini qidirib yurgandi. 31 dekabrda yo‘qolgan bolasini topolmagan ayol 3 kun o‘tib suratini turli joylarga ilib chiqadi. Sud majlisida bildirishicha, uning o‘g‘li ilgari ham bir necha marta yo‘qolib qolgan. Biroq oradan ikki uch kun o‘tib, qaytib kelgan. Biroq endi besh kun o‘tsa hamki daragi bo‘lmaydi. Shundan so‘ng noiloj qolgan Samarqand shahar IIO FMBga murojaat qiladi...

Aniqlanishicha, Xolida Akramova (ism, familiyalar shartli) Abbos Botirovni qasddan o‘ldirish maqsadida shiddat bilan oqayotgan “Darg‘om” kanaliga itarib yuborib, avvaldan rejalashtirib yurgan qabih niyatini amalga oshirgan.

X.Akramovaning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganligi jinoyat ishi materiallarida to‘plangan hujjatlar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan. Biroq amaldagi tartibga asosan, jinoyat sodir etgan shaxs hukm chiqarilgunga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va o‘z harakatlarini boshqara olmaydigan darajada ruhiy kasallikka chalinib qolgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi. Samarqand viloyat psixonevrologiya dispanserining 2019 yil 15 fevraldagi xulosasiga asosan X.Akramova jinoyatni ruhiy kasallik holatida sodir etgan deb topilgan.

Shu bois, sud tomonidan Samarqand viloyati IIB 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan Xolida Akramovaga nisbatan kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy tartibda davolanish choralari belgilanib, u davolanish uchun Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan.

O‘.Mamadaliyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat

sudi raisining o‘rinbosari.