Samarqandda respublikada ilk bor o‘tkazilgan “Chet tillari forumi” yakunlandi

“O‘zbekiston yoshlari forumi-2021” doirasida 18-20 dekabr kunlari Samarqand shahrida respublikada birinchi marta xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib etish bo‘yicha “Chet tillari forumi” bo‘lib o‘tdi.
Unda xorijiy tillarni o‘rganuvchilar uchun “Cambridge English” imtihonlari, yoshlarning chet tillarini bilish ko‘nikmalarini shakllantirish haqida so‘z yuritildi.
- Yoshlar o‘rtasida chet tillarini targ‘ib qilish orqali ularning kompetensiyaviy ko‘nikmalarini shakllantirish va xorij tajribalari asosida o‘qitish forumning asosiy shiori bo‘ldi, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom To‘xtasinov. – Shuningdek, forumning ahamiyatli tomoni, viloyat va respublika yoshlari orasida chet tilini mukammal bilgan va fan-texnika yo‘nalishida xorij tajribasini yurtimizda amalga oshira oladigan lider yoshlarni saralashda yordam beradi.
Uch kun davom etgan forumda ishtirokchilar besh yo‘nalish bo‘yicha chet tillarini o‘rganish uchun yangi qo‘llanma va taqdimotlarda ishtirok etdi. Shuningdek, bilimlarini sinovdan o‘tkazib, Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat qilishdi.
Forum doirasida tashkil etilgan loyiha va tanlovlar g‘oliblariga Yoshlar ishlari agentligining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.