Samarqandda saraton kasalligiga davo izlandi
Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston onkologlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda "Xavfli o‘smalarni davolashda multimodal yondashuv" mavzusidagi XVI – xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizdan tashqari Hindiston, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi klinikalarning onkologiya sohasi bo‘yicha tajribali mutaxassislari ishtirok etayotgan ushbu xalqaro anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, Respublika Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor M.Tillyashayxovlar Prezidentimizning 2017 yil 4 apreldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida sohada islohotlar olib borilayotgani, yetakchi xorijiy davlatlarning tajribalarini hayotga tatbiq etish orqali saraton bilan og‘rigan bemorlarni zamonaviy asbob-uskunalar yordamida erta tashxis qo‘yib, samarali davolash ishlari olib borilayotgani va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish imkoniyati yaratilgani, ta’kidlab o‘tildi.
Bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Respublika markazi qoshida saraton profilaktikasi, eksperimental onkologiya va radiologik uskunalar metrologiyasi markazlari tashkil etildi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari hamda davo muolajalarini yurtimizda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Markaziy Osiyo davlatlarida birinchi bo‘lib palliativ yordam bo‘limlari ochildi. Shuningdek, respublikamizning to‘rt mintaqasida shu jumladan, Samarqandda ham maxsus davolanishga ehtiyoji bo‘lmagan bemorlarga yordam ko‘rsatuvchi xospislar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Joriy yilda markazning viloyatlardagi filiallari 11 ta zamonaviy gamma terapevtik va 7 ta braxiterapevtik nur berish uskunalari bilan ta’minlanadi.
– Onkologiya sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish, ularga yechim izlash hamda yangi diagnostik va davolash usullarini amaliyotga joriy etish maqsadida har yili yurtimizda dunyoning yetakchi ekspertlari, olimlari ishtirokida ilmiy anjumanlar o‘tkazib kelinadi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, professor Mirjalol Jo‘rayev. – Hozirda onkologik kasalliklarning turi ko‘payib, ularning oldini olish va davolash oldimizdagi eng muhim vazifa bo‘lib turibdi. Shu sababli mazkur yig‘inlarimizga xorijlik hamkasblarimizni ham taklif etib, o‘zaro fikr, tajriba almashayapmiz.
Konferensiya sho‘’ba yig‘ilishlarida ishtirokchilar tomonidan onkologik kasalliklarni zamonaviy texnologiyalar asosida davolash, bemorlarga yuqori samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
– O‘zbekistonda keyingi yillarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida dunyo tajribasi asosida ish olib borilayotgani e’tiborga sazovor, – deydi N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi professori Aleksey Tryakin. – Tibbiyot muassasalarida ham zamon talablariga mos shart-sharoit yaratilgan, eng so‘nggi avlod tibbiy asbob-uskunalaridan foydalanilmoqda. Buning natijasida onkologik jarrohlik, kimyo terapiyasi sohasida yaxshi natijalarga erishilayotganiga guvohmiz. Bu kabi konferensiyalar esa bir-birimiz bilan tajriba almashish, bemorlarni davolashda yangi metodlardan foydalanishga yordam beradi.
Anjuman yakunida mazkur sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan yosh mutaxassis-olimlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, eng yaxshi tadqiqot mualliflari aniqlanadi. Shuningdek, malakali onkologlar tomonidan mahorat mashg‘ulotlari tashkil etish va bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.