Samarqandga zamonaviy ilmiy-amaliy tibbiyot markazi zarur
Prezident tashrifidan so‘ng...
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrda Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida aholi o‘rtasida onkologik kasalliklar ko‘payib borayotgani va bunga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish zarurligi eng muhim masalalar qatorida qayd etildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligiga vazifalar topshirildi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining shu yil 11 yanvardagi navbatdan tashqari sessiyasida ham Prezidentimiz viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga oid dasturlar haqida so‘z yuritib, yana ushbu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Onkologik kasalliklar ko‘payishining oldini olish, xastalikni barvaqt aniqlash va samarali davolash uchun mazkur yo‘nalishdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. O‘z navbatida, Samarqandda xorijiy davlatlarning tajribasi, tibbiyotning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llagan holda zamonaviy ilmiy-amaliy markazlar tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlaridan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali faoliyatini, muassasamizda bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va darajasini, umuman, mazkur yo‘nalishda viloyatimizda olib borilayotgan ishlarni tahlil qildik.
Avvalo, ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng bizning filial faoliyatida ham tub burilish ro‘y berdi. Muassasa bir qator zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi. Qo‘shimcha shtatlar ajratildi, shifokor mutaxassislarning xorijiy davlatlardagi yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirishi va tajriba almashishi yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, 2017-2018 yillarda 16 nafar xodimimiz Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytdi, onkologik kasalliklarni davolashning samarali usullarini o‘rgandi. To‘rt nafar yosh xodim hozirda aspiranturada tahsil olmoqda. Birgina o‘tgan yili xorijdan yuqori malakali mutaxassislar 12 marta kelib, yoshlar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tdi. Bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, hamkorlikda jarrohlik amaliyotlarini bajardik.
Eng muhimi, filialda ilk bor o‘zimizning mutaxassislar bilan qizilo‘ngach saratoni bo‘yicha uch xil, o‘pka saratoni bo‘yicha ikki xil, shuningdek, me’da va me’da osti saratoni, siydik qopi, ko‘ks oralig‘i va qorin parda orti o‘smalari bo‘yicha bir necha xil murakkab operatsiyalarni o‘tkaza boshladik. Shu paytgacha samarqandlik bemorlar ushbu jarrohlik amaliyoti uchun Toshkentga yoki xorijiy davlatlarga borishga majbur edi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2016 yilda Samarqanddan Toshkentga har hafta 85-90 kishi davolanish uchun borgan. Hozir esa bu ko‘rsatkich 22-27 taga tushdi. Bu bemorlar ham nur terapiyasini olish uchun poytaxtga bormoqda. Joriy yil birinchi choragida filialda ushbu muolajani yo‘lga qo‘ysak, bemorlarga yanada qulaylik yaratiladi.
Biz, tibbiyotchilarda kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal, degan gap bor. Bu fikrning ayniqsa, saraton xastaliklarida ahamiyati juda katta. Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarorida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, ikki yildan buyon tumanlarga borib onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazayapmiz. 20 ga yaqin mutaxassisimiz bilan guruhlarga bo‘lingan holda tumanlarda qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlariga borib, tibbiy ko‘rik tashkil etayapmiz. Ro‘yxatda turgan bemorlarga maslahat va tavsiyalar berayapmiz. Shuningdek, aholi bilan sog‘lom turmush tarzi, xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish bo‘yicha suhbatlashayapmiz.
Ushbu tadbirlar natijasida 2018 yilda birlamchi aniqlangan bemorlar 1736 nafarni tashkil etdi. 2017 yilda bu raqam 1880 dan ortiq edi. Kasallanish ko‘rsatkichi (100 ming aholiga nisbatan) 50,8 dan 47 nafarga kamaydi. E’tiborlisi, kasallikni dastlabki bosqichda aniqlash ko‘rsatkichi oshdi. Bu bemorlarni samarali davolash imkoniyatini kengaytirmoqda.
Yana bir muhim jihat, o‘tgan yili muassasamizga yurtimizning boshqa hududlaridan 60 dan ortiq bemor murojaat qildi. Hatto, Rossiya, Ozarbayjon, Ukraina, Tojikiston va boshqa davlatlardan 25 nafar bemor kelib, davolanib ketdi. Ayniqsa, o‘tgan yili qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tib-qaytish tizimi soddalashtirilgani natijasida bizga Tojikistondan bemorlar kela boshladi. Albatta, ularga tegishli tartib asosida yordam ko‘rsatishga harakat qilayapmiz. Bu yil ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirmoqdamiz.
Bundan tashqari, joriy yilda Samarqandda xorijiy davlatlar vakillari ishtirokida onkologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu va boshqa omillar Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Samarqandda xorijiy davlatlardagi tibbiy markazlar bilan hamkorlikda onkologiya bo‘yicha zamonaviy ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etish fursati yetganini ko‘rsatmoqda.
Mirjalol JO‘RAYEV,
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya
va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
Samarqand filiali direktori,
tibbiyot fanlari doktori, professor.