Samarqandda sayyohlarning o‘rtacha qolishi 2,7 kunni tashkil etmoqda, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 1,5 kunga to‘g‘ri kelgan
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatga 4 million 500 ming nafar mahalliy va 2 million 150 ming nafardan ziyod xorijiy sayyoh kelgan. Natijada turistik xizmatlar eksporti 405,9 million dollarni tashkil etgan.
Viloyat turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik sayyohlarning Samarqandda qolishi o‘rtacha 2,7 kunni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davri (1,5 kun)ga nisbatan 1,8 baravarga oshgan.
Ayni paytda viloyatda sayyohlar uchun 16 ming 286 o‘rinli 600 ta mehmonxonalar xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan 25 ta mehmonxona, 36 ta hostel va 53 ta oilaviy mehmon uylari ish boshladi. Shuningdek, 83 ta turistik tashkilot (68 ta turoperator va 15 ta turagentlar) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, turistik tashkilotlar soni 281 taga yetkazildi. Umumiy qiymati 860 milliard 590 million so‘mlik 60 ga yaqin loyiha ishga tushirilib, turizm va unga yo‘ldosh xizmatlar ko‘rsatish sohasida 5,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Sayyohlarning viloyatda bo‘lish muddatlarini uzaytirish maqsadida Samarqand shahridagi “Bog‘ibaland” mahallasiga “Turizm mahallasi”, Bozorov ko‘chasiga “Turizm ko‘chasi” hamda Urgut tumanidagi “Tersak” qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi hamda San’at galereyasi, Xalqaro turizm akademiyasi kabi yangi turizm ob’yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy turistlar uchun viloyatda 300 dan ortiq madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, 50 dan ortiq konferensiya, forum, sammit, hamda xalqaro tadbirlar o‘tkazildi.
2024 yilda xorijiy sayyohlar soni 2,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksporti 500 million AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Qiymati 660 milliard so‘mlik 80 ta joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 772 milliard so‘mlik 38 ta dam olish maskani, oromgoh, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa turizm loyihalarini amalga oshirilib, 22 ta turoperatorlik va 11 ta turagentlik xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali 1600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.