Samarqandda sirena o‘rnatgan 549 ta avtomashina aniqlangan
Buni bilmaydigan odam yo‘q hisobi - transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish ta’qiqlangan. Biroq shunday bo‘lsada, avtomashinasiga turli tovush chiqaruvchi qurilmalar – «sirena», «migalka» o‘rnatganlarni ham ko‘rganmiz. Ular buni imkon qadar «GAI»larga sezdirmaslikka harakat qilishadi. Biroq ko‘za kunda emas, kunida sinadi…
Viloyat IIB YHXBdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning olti oyi davomida 549 ta avtomobilga nazarda tutilmagan tovush chiqaruvchi qurilma o‘rnatilganligi aniqlangan. Tuzilgan bayonnomalarda qayd etilishicha, 196 ta holatda tashkilotlar transport vositalari va 353 holatda shaxsiy avtomobillarga sirena o‘rnatilgan. Bundan tashqari, transport vositasiga «migalka» o‘rnatish bilan bog‘liq 4 ta holat qayd qilingan.
Eslatib o‘tamiz, bunday huquqbuzarlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ya’ni, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish - eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solinadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish - ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.