Samarqandda soat 17 gacha davomat 84 foizni tashkil etdi
Bu haqda 7-Samarqand referendum okrugida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Okrug komissiyasi raisi F.Toshevning qayd etishicha, hududdagi 1111 ta referendum uchastkasida ovoz berish davom etmoqda. Soat 17.00 holatida okrug bo‘yicha 1 million 751 ming 368 nafar fuqaro yoki ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilarning 84,14 foizi referendumga qo‘yilgan masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Joriy yilning 19-26 aprel kunlari o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida esa Samarqand viloyatidan 45 ming nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.
– Referendum uchastkalarida fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – dedi F.Toshev. – Ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan taqdirda, ularning iltimosiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berishni o‘sha fuqaro turgan joy bo‘yicha, ko‘chma ovoz berish qutilaridan foydalanib tashkil etishi mumkin. Jumladan, bugun tuman va shaharlardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, yigirmadan ortiq 100 yoshdan oshgan fuqarolar uyida turib, ovoz berishda qatnashdi.
Referendumni kuzatish uchun yurtimizga kelgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilari va ommaviy axborot vositalarining 100 nafardan ortig‘i kecha va bugun Samarqandda bo‘lib, ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatdi.