Samarqandda sportchi ayollar bellashdi
Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan festivalda 16 jamoa vakillari sportning voleybol, yengil atletika, stol tennisi, gimnastrada kabi yettita turi bo‘yicha bellashdi.
Festival yakuniga ko‘ra, voleybol bo‘yicha Paxtachi tumani vakillari birinchi bo‘lgan bo‘lsa, gimnastrada bo‘yicha Narpay tumani vakillari shohsupaning eng yuqori o‘rnini egalladi.
Yengil atletika bo‘yicha 25-35 yoshlilar o‘rtasidagi 800 metr masofaga yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha paxtachilik Z.Zugurovaga teng keladigani topilmadi. 36 va undan yuqori yoshdagi 400 metrga uzunlikka sakrashda ishtixonlik A.Gadoyeva, yugurishda esa urgutlik G.Muhammadiyeva g‘olib bo‘ldi. Stol tennisi bahsida Samarqand shahridan I.Soy va M.Boboyeva barchadan ustun ekanini ko‘rsatdi. Shaxmatda esa Jomboy tumani vakilasi F.Murtazayeva ishtirokchilarni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, to‘siqlar osha yugurishda nurobodlik N.Do‘stboyeva va narpaylik M.Xalilova epchilliklarini namoyish etdi. Darts bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda Kattaqo‘rg‘on shahridan R.Tojiyeva merganligini yana bir bor isbotladi.