Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani aytildi

Ayni vaqtda Prezident raisligida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda yer resurslaridan foydalanish va mavjud suv zaxiralari ham mukokama qilinmoqda.
Jumladan, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sabab jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan asrning 80 yillaridagidan ham yuqori darajalarda o‘sayotgani ta’kidlandi.
Xususan, mart oyida dunyo bo‘yicha oziq-ovqat narxlari 2021 yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshgan. Ayniqsa, yil boshidan jahon bozorlarida bug‘doy narxi – 20 foiz, makkajo‘xori – 19 foiz, ozuqa donlari – 20 foiz va o‘simlik yog‘i – 23 foizga ko‘tarilgan.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda yog‘ingarchilik hisobiga, vodiy, Toshkent viloyati va Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani bilan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmda suv ta’minoti bo‘yicha qiyinchiliklar bo‘ladi.
Jahon bozorida mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i narxlari 2 baravarga oshgani, albatta, klaster, fermer va dehqonlarning yetishtirayotgan mahsulotlarining tannarxiga hamda moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladi, deya xabar qilmoqda, Prezident axborot xizmati.