Samarqandda takroriy ekindan qariyb 1,5 million tonna hosil olish ko‘zda tutilyapti
Viloyat g‘allakorlari bu yil 90,4 ming gektar maydonda el rizqi yetishtirdilar. Ayni kunlarda dalalarda g‘alla hosilini yig‘ishtirib olish ishlari yakuniga yetmoqda. Endigi vazifa bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishdir.
- G‘alla va ertagi ekinlardan bo‘shagan 90,4 ming gektar maydonda sabzavot, kartoshka, dukkakli va ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Samad Saidov. – Jumladan, klaster va fermer xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun 47 ming gektar, fermer xo‘jaliklari a’zolari uchun 32 ming gektar, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan fuqarolarga 11,2 ming gektar maydon takroriy ekinlar ekish uchun ajratib berildi. Hozirgacha 80 foizga yaqin maydonda takroriy ekinlar ekib bo‘lindi.
Bu yil dehqonchilik uchun juda qulay yil bo‘lyapti, asosiysi, suv bor. Demakki, dehqonlarimiz ekinlarni me’yorida sug‘orib, kutilgan hosilni olishlari mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, takroriy ekindan viloyat bo‘yicha 1 million 483 ming tonna hosil olinishi kutilmoqda. Uning 325 ming 987 tonnasi ichki bozorga, 82 ming 292 tonnasi eksportga va 70 ming 595 tonnasi urug‘lik va zaxiraga jamg‘ariladi. Hosilni xarid qilish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha korxonalar bilan kelishuvlar amalga oshirildi, saqlash omborxonalari va qayta ishlash korxonalari mavsumga shay holatga keltirildi.
Mahsulotning xaridori tayin
Oqdaryo tumanida joriy yilda g‘alladan 9609 gektar va ertagi ekinlardan 38 gektar maydon bo‘shadi. Tuman dehqon va fermerlari ushbu yerlarga to‘liqligicha takroriy ekin ekmoqda.
- Ushbu maydonlarning 5203 gektari klaster va fermer xo‘jaliklari xtiyorida qolgan bo‘lsa, 3367 gektari fermer xo‘jaliklari ishchilariga, 1076 gektari ijtimoiy daftarlarda turgan fuqarolarga berildi, - deydi tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i v.b. Vohidxon Murodov. – 210 gektar yerda sabzavot, 450 gektarda kartoshka, 4904 gektarda dukkakli va 4083 gektarda ozuqa ekinlari ekilmoqda. Kuzda ushbu maydonlardan 4250 tonna sabzavot, 9 ming tonna kartoshka, qariyb 7,5 ming tonna dukkakli don hosili olinishi kutilmoqda. Sabzavot va kartoshka hosili asosan ichki bozorga yo‘naltirilsa, dukkakli mahsulotning 90 foizdan ortig‘i eksport qilinadi. Buning uchun tumanimizdagi “Pichokchi dry fruits”, “Usman Afroil”, “Meganut food dried fruits import-exsport trading Ltd”, “Hakan agro invest” va “Raisins port Samarkand” MChJ kabi eksportyor korxonalar bilan shartnomalar tuzilgan. Ular tomonidan ertagi ekinlar hosilidan hozirgi kunda 215 tonnadan ortiq mahsulot eksportga tayyor holda saqlanmoqda.
Tumanning Amir Temur massivida 431 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonda takroriy ekin ekilmoqda. Hozirda hududning aksariyat qismida ekin ekilayotgan bo‘lsa, boshqa dalalarda yer tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
- Xo‘jaligimizning suvli va g‘alladan bo‘shagan 10 gektar yer maydoniga takroriy ekin ekyapmiz, - deydi «Parda bobo chorva omad» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Ayubjon Pardayev. – Ishchilar bilan birgalikda 6 gektarga dukkakli ekinlar ekdik va xarid qilish borasida “Pichokchi dry fruits” MChJ bilan shartnoma tuzdik. Qolgan 4 gektarni mahallamizdagi vaqtincha ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ajratdik.
Mahallamizda ko‘p oilalar salat tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Shu bois yer olgan yoshlar asosan sabzi ekib, salat tayyorlab sotishni maqsad qilgan. Shu mahalladagi Suhrob Temirov maktabni bitirgach, 2-3 yildan buyon pul topish uchun turli ishlarda ishlab ko‘rdi. Oilasining yagona boquvchisi bo‘lgan Suhrob onasining maslahati bilan erta bahorda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ajratilayotgan yer maydonidan olish uchun ariza topshirgandi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 apreldagi «Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida mahalla yettiligi tavsiyasi bilan unga 47 sotix yer ajratildi.
- Bahorda kartoshka ekdim va yaqinda 12-15 tonnacha hosil oldim, - deydi S.Temirov. – Hosilning bir qismini sotib, oilamizning kamchiliklariga ishlatdim, urug‘lik oldim. Takroriy ekinga loviya ekdim. Chunki hosili yaxshi, xaridori tayin. Ajratilgan yer maydoni birinchi yildan turmushimizni yaxshilashga xizmat qilmoqda.Avvallari ustachilik yoki boshqa ish qidirib uzoqroqqa ketganimda onam xavotirlanib o‘tirardi, endi barchamiz o‘z yerimizda oilamiz farovonligi uchun mehnat qilyapmiz. Hozirgi hisob-kitoblarim bo‘yicha ikki ekindan o‘rtacha 60-65 million so‘m daromad olish mumkin ekan.
Yer ajratilishi ishsiz yoshlar uchun imkoniyat bo‘ldi
Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi «Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2022 yil 10 sentyabrdagi «Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlariga asosan, viloyatda dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 16159 gektar yer maydoni “E-auksion” savdo platformasi orqali tanlovga chiqarilib, 16,2 ming gektar yer maydoni 55 ming fuqaroga ajratilgandi.
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda aholiga 7,5 ming gektar yer ajratilib, 18,4 ming nafar fuqaro dehqon xo‘jaligi tashkil etgan.
2024 yilda 8,3 ming gektar yermaydoni ajratilib, 15,3 ming dehqon xo‘jaligi tashkil etildi va 30 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
- Prezidentimizning 2024 yil 18 yanvardagi «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingandi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Tohir Duvlanov. – Mazkur farmonga asosan, har bir tumandan 100 gektardan viloyat bo‘yicha 1,3 ming gektar yer zaxiraga olinib, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali bir fuqaroga bir gektardan ajratildi va dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Ushbu maydonlarda «Bir mahalla - bir mahsulot» tamoyili asosida eksportbop hamda serhosil qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 5 apreldagi «Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, 7 ming gektar yer maydoni ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga mahalla yettiligining xulosasiga asosan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ajratildi. Bu viloyatimizdagi 17 mingdan ortiq yoshning daromadini oshirish va bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu yer maydonlarida 135 ming tonna mahsulot yetishtirilishi kutilmoqda.
Birgina Oqdaryo tumanida 764 gektar maydonda tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklari soni 2957 taga yetdi. Ular tomonidan 1150 tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirilishi kutilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.