Samarqandda Ispaniyaning taniqli kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus avtomobillar va tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqariladi

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «SamAuto» MChJ rahbarlarining Ispaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» agentligi.

Safar chog‘ida O‘zbekiston vakillari «Rodriguez Lopez Auto» kompaniyasining Orense (Galitsiya) shahridagi zavodida bo‘lib, korxona rahbarlari bilan tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Mamlakatimiz elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, «Rodriguez Lopez Auto S.L.U.» tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 40 yildan ortiq vaqt mobaynida kompaniya bozorning 65 foizdan ortiq qismini egallagan holda Ispaniyada tez tibbiy yordam mashinalarining yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylangan. Ispaniya bozoridan tashqari, kompaniya Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Angliya, Fransiya, Belgiya, Slovakiya, Daniya va Portugaliya kabi mamlakatlarga o‘z mahsulotlarini eksport qiladi. Bundan tashqari, Marokash, Liviya, Senegal, Angola, O‘mon, Mavrikiy, Bangladesh, Chili, Peru, Ekvador, Kolumbiya, Venesuela, Boliviya, Panama, Kosta-Rika va Dominikanga ham tez yordam mashinalari sotilmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida kompaniya dunyoning 25 mamlakati uchun 10 mingdan ortiq tez tibbiy yordam mashinasini ishlab chiqargan.

Kompaniya mahsulotlari ISO 9001:2015 sifat sertifikatidan tashqari YeIning 23 ta sertifikatiga ega bo‘lib, texnik hamkorlik shartnomalari mavjud bo‘lgan barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan vaqti-vaqti bilan tekshiriladi. Barcha tez tibbiy yordam mashinalari Yevropa ko‘rsatmalariga muvofiq sertifikatlangan va EN1789: 2007 + A2 standartiga mos keladi.

2021 yil 24-27 avgust kunlari «Rodriguez Lopez Auto» kompaniyasi rahbarlari O‘zbekistonda bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, «O‘zavtosanoat» AKda muzokaralar o‘tkazgan, shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan «SamAuto» aksiyadorlik jamiyati zavodi faoliyati bilan tanishgan.

Safar davomida «SamAuto» MChJ direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Husan Qobilov va ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Quliyev korxonadagi ishlab chiqarish, avtomashinalarni tez tibbiy yordam va boshqa maxsus avtomashinalarga jihozlashning barcha jarayonlari bilan tanishdi.
«Rodriguez Lopez Auto» kompaniyasi ijrochi direktori Xose Enrike Rodriges Xorxe bilan Samarqand shahrida «SamAuto» zavodi ishlab chiqaryvchilari bilan qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchisining imkoniyatlaridan kelib chiqib, «ISUZU» yengil va yuk avtomobillari shassilari asosida maxsus avtomobillar chiqarishniyo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ispaniya vakillarining texnik takliflari tayyor bo‘lgani va hamkorlik shakli bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani bois, O‘zbekistondan Ispaniyaga «SamAuto» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir nechta shassilar jo‘natilishi hamda Orense shahridagi zavodda ularga tez tibbiy yordam mashinalarini tajriba tariqasida o‘rnatilishi kutilmoqda. Kelgusida ispaniyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Loyiha ishga tushgach, yiliga 500 dan 800 tagacha tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublikaning idoraviy va xususiy tibbiyot muassasalarining avtotransport parkini yangilashga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq qoplash, shuningdek, mahsulotlarni nafaqat qo‘shni davlatlarga, balki MDH davlatlari va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi.